“Deklaratsiyalar muloqoti” forumida qatnashayotgan xalqaro diniy tashkilotlar vakillari OAV vakillariga anjuman haqidagi tassurotlarini bayon etmoqda. Quyidagi fikr-mulohazalar Brigam Yang universiteti Xukuk va diniy tadqiqotlar xalkaro markazi direktori Bret Sharfsga tegishli:
– Ushbu forumda xavfsizlik, fikr va e’tiqod erkinligi munosabatlari qizg‘in muhokama qilinyapti. Tadbir davomida yana bir bor ishonchimiz komil bo‘ldiki, diniy erkinlik va xavfsizlik bir-biriga qarama-qarshi emas, aksincha bir-birini to‘ldiradigan, mustahkamlaydigan tushunchalar.
Anjuman, shunchaki, ikki kunlik forum emas, balki ko‘p yillik harakat, mehnat mahsuli. 2018 yil O‘zbekistonga kelib, bu yerda din va e’tiqod erkinligi uchun yanada yaxshiroq shart-sharoit yaratish ustida ish boshlaganmiz. Hukumat bilan hamkorlikda diniy bag‘rikenglik, e’tiqod erkinligini rivojlantirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqyapmiz. Asosiy maqsad ushbu murakkab masalada konstruktiv muloqot olib borish, sog‘lom fikr yuritish.
Bu gal qiyosiy va xalqaro huquq eksperti sifatida kelganimni qayd etib o‘tmoqchiman. Yillar davomida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mazkur yo‘nalishdagi soha vakillari munosabatini o‘rganyapmiz. Endi yurtingiz diniy ulamolari davrasida bo‘lish, suhbatida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lganimdan mamnunman.
Seminarlar din, qonun ustuvorligi bo‘yicha mutaxassislar, milliy xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar bir joyga jamlangani, o‘zaro aloqani mustahkamlash maqsadida hamkorlik o‘rnatilayotgani juda muhim.
Hammamizning maqsadimiz bir - xavfsizlik masalasi ustuvorligiga ishonch hosil qilish. Hech birimiz terrorizm muammosi xavf soladigan jamiyatda yashashni istamaymiz. Zero, yer yuzidagi odamlarning millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi turlicha bo‘lishi mumkin, ammo insoniy qadr-qimmatimiz o‘xshash.
B.Xudoyberdiyev yozib oldi.
O‘zA