Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Iftihor kiyim sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli yangi korxonada “Namangan – global brendlar bilan ishlash bo‘yicha chempion hudud” shoiri ostida o‘tkazilgan sanoat ko‘rgazmasida viloyatdagi 80dan ziyod korxonalar milliy hamda xorijiy brendlar uchun tikilgan tayyor kiyimlar hamda oziq-ovqat, charm, qurilish materiallari, farmatsevtika mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan ishtirok etdi.

Viloyat shahar va tumanlardan kelgan nuroniylar, mehnat faxriylari, mahalla faollari, yoshlar vakillari ushbu sanoat ko‘rgazmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, ko‘rgazmadan joy olgan Namanganda faoliyat yuritayotgan “Idim”, “Ideal”, “Fazman”, “D.Maretti”, “Imir” kabi yirik tekstil korxonalari tomonidan 40 dan ortiq xorijiy brendlarga ishlab chiqarilayotgan bejirim liboslar ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.

Ta’kidlash joiz, Farg‘ona vodiysidagi yirik ishlab chiqaruvchilardan sanalgan “Iftixor kiyim sanoat” klasterida yirik brendlar bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “Bugatti”, “Pierre Cardin”, “Roy Robson”, “Baldessarini”, “Lavard”, “Jake’S”, “Engbers”, “Cinque”, “Walbusch” singari yigirmaga yaqin mashhur brendlar buyurtmalariga asosan mahsulot tayyorlanmoqda. Demak, o‘zimizda tikilgan kiyimlar Yevropa bozorlarini egallamoqda.

Avvaliga oddiy tikuvchilik sexi sifatida ish boshlagan “Iftixor kiyim sanoat” bugun paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulotni eksportga yo‘naltirayotgan yirik klasterga aylandi. Jamiyat tomonidan erkin iqtisodiy zonadagi yirik loyihasi to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 100 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Buning natijasida, ikki mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi, davlat byudjetiga esa yiliga salmoqli soliq tushumlari qo‘shiladi. Xalqaro brendlar bilan hamkorlik mahsulotga kafolatli bozor, katta valyuta tushumlari va yangi ish o‘rinlarini ta’minlaydi.
Ko‘rgazmada qatnashgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov davlatimiz rahbarining viloyatga ikki kunlik tashrifi tom ma’noda Namanganda ikkinchi uyg‘onish davrini boshlab berganligini e’tirof etdi.

Darhaqiqat, Namangan to‘qimachilik bo‘yicha respublikamizda yetakchi. Viloyat sanoatining uchdan biri, eksportining yarimi shu sohaga to‘g‘ri keladi. Hozirda ishlayotgan 2 ming 500 ga yaqin to‘qimachilik korxonalari 250ga yaqin brendlar ostida mahsulot tayyorlab, yuz mingdan ortiq insonni yuqori daromad bilan ta’minlamoqda.
Shu joyning o‘zida bir piyola choy ustida bo‘lib o‘tgan “Uch avlod uchrashuvi”da yurtimiz shonini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilib, olamshumul muvaffaqiyatlarga erishayotgan Yangi O‘zbekistonning iqtidorli yoshlarining yutuqlari munosib rag‘batlantirildi.

Jumladan, yaqinda Angliyaning Liverpul shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida qatnashib, 75 kilogrammgacha vazn toifasida dunyo chempionlikni qo‘lga kiritgan uchqo‘rg‘onlik Fazliddin Erkinboyev hamda uning murabbiyiga viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA