Dunyodagi eng yirik tropik botqoq – Braziliyadagi Pantanal hududida tez-tez yong‘in sodir bo‘lib turadi. Odatdagidan ertaroq boshlangan bu yilgi ofat, aksiga olib, kuchli namoyon bo‘lmoqda. Mutaxassislar buni iqlim o‘zgarishi bilan bog‘layapti.
Rio-de-Janeyro universiteti ma’lumotiga ko‘ra, yanvar oyidan beri 3400 kvadrat/kilometr maydonda o‘t chiqdi. Holatni baholash uchun sun’iy yo‘ldosh tasviridan foydalanishga to‘g‘ri keldi. OAV oxirgi o‘n kun ichida vaziyat yomonlashgani, bu so‘nggi 15 yildagi ikkinchi yirik yong‘in ekani, butun hududning uchdan bir qismi zarar ko‘rgani, faqat 2020 yil vaziyat og‘irroq bo‘lganini yozmoqda.
Braziliya Milliy kosmik tadqiqotlar instituti xulosasida yanvar oyidan beri mamlakat g‘arbida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 935 foiz ko‘proq, ya’ni 1385 marta yong‘in qayd etilgani keltirilgan. Rasmiylar yong‘in sababini o‘rganyapti. Ekolog Delsio Rodriges aytishicha, iqlim o‘zgarishi sabab hozirgi ob-havo sharoiti yong‘inga olib kelishi mumkin. Baribir, asosiy sabab inson omili ekani, qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi kesish ishlari vaziyatni yanada yomonlashtirayotgani ta’kidlanmoqda.
Taxminan 250 ming kvadrat/kilometr maydonni egallagan, Buyuk Britaniyadan kattaroq Pantanal yer yuzidagi eng ulkan suvli botqoqlardan biri hisoblanadi. Bu hududda yaguarlar, gigant chumolixo‘rlar va ulkan daryo otterlari yashaydi.
– Hozirgi yong‘in Pantanal ekologiya tizimiga va biologiya xilma-xilligiga jiddiy zarar yetkazadi, – deydi Rodriges.