French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Braziliya sobiq Prezidenti 27 yilga qamaldi
22:47 / 2025-11-26

Braziliya siyosati yana larzaga keldi: mamlakatning sobiq Prezidenti Jair Bolsonaro davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor, deb topilib, 27 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud xulosasiga ko‘ra, Bolsonaro 2023 yil yanvar oyida o‘z tarafdorlarini rag‘batlantirib, hukumat binolariga bostirib kirishni rejalashtirgan. Natijada siyosiy tizimga jiddiy zarar yetkazilgan. Tekshiruv davomida u nafaqat fitna rejasidan xabardorligi, balki ayrim amaldorlar orqali to‘polonni boshqarishga urinib, hokimiyatni noqonuniy egallash niyatida bo‘lganini ham ko‘rsatdi.

Hukm e’lon qilingach, “eski yetakchi” qo‘lga olinib, Federal politsiya nazorati ostiga o‘tkazildi. Himoyachilar mazkur qarorni “siyosiy ta’qib” deya atab, mijozni oqlash uchun yuqori idoralarga murojaat qilishlarini bildirdi. Prokuratura esa qo‘shimcha dalillar taqdim etib, sobiq Prezidentning fitna jarayonidagi faol ishtirokini asoslab berdi. Sudning qat’iy pozitsiyasi Braziliyada demokratiya himoyasi yo‘lidagi muhim siyosiy qadam sifatida baholanmoqda.

Ayni payt mamlakatda turli fikrlar paydo bo‘lgan: ayrimlar voqeani tarixiy adolat hisoblasa, kimlardir siyosiy maydonni tozalashga qaratilgan jarayon, deya taxmin etyapti. Faqat bir narsa aniq — Bolsonaroga nisbatan hukm Braziliya siyosatida yangi bosqichni boshlab, konstitutsion tartib buzilishiga qarshi keskin chora ko‘rila boshlaganidan dalolat.

Musulmon Ziyo, O‘zA