Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru harbiy xizmatchilarni o‘rmonlarning noqonuniy kesilib ketishiga qarshi kurashish uchun Amazoniyaga jo‘natish haqida farmonga imzo chekdi, deb xabar beradi G1 portali.
Farmonga binoan harbiylar Amazonas, Matu-Grosu, Para va Rondoniya shtatlarida 31 avgustgacha bo‘ladi. Ular harakatlarini mahalliy hokimiyat va atrof-muhitni asrash idoralari bilan muvofiqlashtirilgan tarzda olib boradi.
Bundan avvalroq Koinot tadqiqotlari milliy instituti Braziliya Amazoniyasida o‘rmonlar kesilishi holatlari yuqori sur’atda davom etayotgani haqda ma’lum qilgan edi.
G1 portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliya Amazoniyasida 2021 yil aprel oyida 581 kvadrat kilometr o‘rmonlar noqonuniy tarzda kesilib ketgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43 foizga ko‘pdir.
Onlayn platformaning yozishicha, masalan, mart oyida mazkur hududda 368 kvadrat kilometr o‘rmon maydonlari kesilib ketgan bo‘lsa, bu mudhish manzara fevralda – 123 kvadrat kilometrni, yanvarda esa – 86 kvadrat kilometrni tashkil etgan.
Shu yilning aprel oyida Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru iqlim bo‘yicha bo‘lib o‘tgan sammitda so‘zga chiqib, Amazoniya o‘rmonlarining noqonuniy kesilib ketishiga 10 yil ichida barham berishga va’da bergandi.