Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Brayl alifbosi – inklyuziv jamiyat taraqqiyotida muhim kashfiyot
14:15 / 2026-01-05

Hozirda jamiyatda axborotdan erkin foydalanish insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Biroq ko‘rish qobiliyati cheklangan shaxslar uchun bu huquqni ta’minlash doim ham oson emas. Aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib, insoniyat tarixida muhim ixtirolardan biri – “Brayl alifbosi” yaratilgan.

Birlashgan Millatlar tashkiloti tomonidan har yili 4 yanvar –  "Butunjahon Brayl alifbosi kuni" sifatida nishonlanishi bu yozuv tizimining nafaqat texnik, balki ijtimoiy, huquqiy va madaniy ahamiyatini ham e’tirof etishdir.  

Brayl alifbosi bo‘rtiq nuqtalarga asoslangan maxsus alifbo bo‘lib, ko‘zi ojiz insonlarning savod chiqarishi uchun 1824 yilda fransuz tiflopedagogi Lui Brayl tomonidan yaratilgan. Ushbu alifbo barmoqlar orqali tez va aniq o‘qishga imkon berdi. Dastlab, alifbo keng tan olinmagan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan Brayl yozuvi butun dunyoda ko‘zi ojiz insonlar uchun asosiy savodxonlik vositasiga aylandi.

Brayl alifbo va raqamli belgilarning teginish vositasi bo‘lib, barcha harflar va raqamlarni, hatto musiqiy, matematik va ilmiy belgilarni yetkazish uchun oltita nuqtadan foydalanadi. Olti nuqta taxminan olti millimetr balandlikda, nuqta orasidagi masofa ikki millimetrga teng. Tizim 64 ta mumkin bo‘lgan kombinatsiyani taqdim etadi. Bitta olti nuqta bitta belgiga mos keladi.  

1837 yilda Brayl alifbosida “Fransiya tarixi” deb nomlangan birinchi kitob nashr etildi. 1838 yilda esa ko‘zi ojizlar uchun arifmetika darsligi nashr etildi. 1850 yilda Parij ko‘zi ojiz bolalar institutida o‘quvchilarning savodxonlik o‘quv dasturiga Brayl tizimi rasman kiritildi.

Mamlakatimizda birinchi marta Brayl alifbosida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi rasmiy nashri hamda 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi” qonun nashr etildi.

Bugungi kunda Brayl alifbosi kompyuter va smartfonlar bilan uyg‘unlashib, yangi bosqichga chiqmoqda. Bu esa Brayl tizimining zamonga moslashib borayotganini ko‘rsatadi. Bir so‘z bilan aytganda, Brayl alifbosi dunyoning ko‘plab tillariga moslashtirilgan, unda dunyoning turli mamlakatlarida minglab kitoblar nashr etilgan. Zamonaviy texnologiyalar rivojiga qaramay, Brayl alifbosi ko‘zi ojizlar uchun savodxonlikning asosi bo‘lib qolmoqda.

Dildora Do‘smatova,

O‘zA