Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov Sergeli tumanidagi iste’molda bo‘lgan avtomobil va ehtiyot qismlari bozori hamda dehqon bozorini ko‘zdan kechirdi.
Ta’kidlash joizki, bozorlar fuqarolar bilan eng gavjum ob’ektlar bo‘lgani sababli, hududda turli qonunbuzarliklar sodir etilishi va yashirin iqtisodiyot saqlanib qolish xavfi yuqoridir.


Masalan, Sergeli avtomobil bozori kuniga 3240 ta yengil va yuk avtotransport vositalarini qabul qiladi. Bozor hududida 900 ga yaqin savdo do‘konlari va konteynerlar faoliyat yuritadi. Bozorga kuniga minglab fuqarolar kirib chiqadi, avtomobillar oldi-sotdisi hududidan pullik tarzda foydalanadi. Shu bilan birga, do‘konlarni ijaraga berish va boshqa pullik xizmatlar ham amalga oshiriladi.
Qisqa muddatli tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bozor faoliyatini raqamlashtirish, sun’iy intellekt elementlarini qo‘llash va tushumlarni bir necha barobarga oshirish orqali hududda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni kamaytirish mumkin.


Shu maqsadda bozor hududida ichki ishlar, soliq, bojxona, MIB va boshqa davlat idoralari vakillarini jamlagan Situatsion markaz tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi va uning dastlabki loyihasi taqdim etildi.
Loyihaga ko‘ra, bozor hududiga kirib chiqadigan har bir fuqaro va avtomobil bo‘yicha nazoratni avtomatlashtirish, davlat raqamsiz kirib kelayotgan avtomobillar uchun alohida yo‘lak tashkil etish, bozor hududida videokuzatuv tizimlarini takomillashtirish, yong‘in xavfsizligi tugmalarini tashkil qilish, import qilinayotgan avtomobil ehtiyot qismlari bo‘yicha QQS zanjirini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.


Sh.Mamaturopova, O‘zA