Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bozorlarimiz to‘kinligi yo‘lida (+video)
19:55 / 2024-05-15

Bugungi kunda yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash, issiqxona xo‘jaliklari tomonidan mahsulot yetishtirish hajmini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada “ZARAFSHAN GOLDEN GROUP” kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq.

“ZARAFSHAN GOLDEN GROUP” kompaniyasi tomonidan 2019 yilda loyiha qiymati 6 million AQSH dollari bo‘lgan 3 gektar issiqxona va 1 gektar ko‘chat yetishtirish majmuasi faoliyat boshlagan bo‘lsa, 2021 yilda esa 6 gektar yer maydonida loyiha qiymati 9 million AQSH dollarlik shishali, energotejamkor issiqxona ishga tushirildi. 

Bugungi kunda majmua faoliyati kengaytirilib, 2 gektar yer maydonida Niderlandiya texnologiyalari, 2 gektar yer maydonida Koreya texnologiyalari asosida gidroponika usulidagi issiqxonada mahsulot yetishtirilmoqda. 

Kompaniyaning bir gektar maydondagi qulupnay yetishtiruvchi issiqxonasida gidroponika usulida kuniga 300 kilogramm atrofida hosil yig‘ishtirib olinmoqda. 

– Issiqxonamizda 3 xil qulupnay navi ekilib, parvarishlanmoqda, – deydi ish boshqaruvchi Jonibek Usmonov. – Bu ko‘chatlarni har ikki yilda almashtiramiz. Yig‘ib olingan mahsulotni ichki bozorga yetkazib bermoqdamiz. Hozir ko‘chatlarimiz soni 150 mingtani tashkil etmoqda. Qo‘shimcha ko‘chatlar ekib, issiqxonani kengaytirish niyatidamiz. Kelgusida Yevropa davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan. 

[gallery-17413]

Hozir issiqxonada 10 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, qulupnaylarni terib olish jarayonida 25 taga yetadi. 

– Har bir ishchi-xodim gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda ishlaydi, – deydi nazoratchi Dilnavoz Bozorova. – Har birimiz ish vaqtida kelib, dezinfeksiya qilinib, ish boshlaymiz. Bu ko‘chatlarni turli kasalliklardan saqlash uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlardan biridir. 

Albatta, yetishtirilgan qulupnayning sersharbat, nozik mevalarini o‘z vaqtida va sifatli nobud qilmay terib olish kerak. Bunda ishchilardan alohida harakat talab etiladi. 

– Ekilgan nihollarni chaqaloqni parvarishlaganday parvarishlaymiz, ularga mehrimizni beramiz, – deydi Muqaddam Shukurova. – Qulupnaylarning shu darajada sersuv va mazali darajaga yetib kelgunicha ko‘p mehnat qilamiz. Hosilni ko‘rganimizda charchoqlarimiz unutiladi. Mo‘l hosil olganimizda shunaqangi xursand bo‘lamiz. Ishimizdan minnatdormiz. 

Albatta, aholi va bozorlarimizga sifatli, xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish davr talabi. Issiqxonada esa yil – o‘n ikki oy davomida hosil olish imkoniyati mavjud. Ayni paytda uni kengaytirish hisobiga kuniga bir tonna hosil olish ustida ish olib borilmoqda. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/iV1kWJTNQJY" title="Bozorlarimiz toʻkinligi yoʻlida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari