Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bozorlardagi mahsulotlar narxining barqarorligi: unni qimmat narxda sotganlarga qat’iy choralar ko‘rilmoqda
10:10 / 2022-06-29

Mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash, dehqonlarning bozorlarga hech qanday to‘siqlarsiz kirib kelishi uchun tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Bu borada Davlatimiz rahbari Bosh prokuratura huzuridagi Departamenti organlariga bozorlarda ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligining oldini olish va narxining asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish vazifalarini bergan.

Xo‘sh, belgilangan vazifalar ijrosi qanday amalga oshirilmoqda?

Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlar narxlarining barqarorligini ta’minlash, dehqonlarning bozorlarga hech qanday to‘siqlarsiz kirib kelishini ta’minlash borasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Departament hamda boshqa idoralar rahbarlaridan iborat respublika shtabi faoliyat yuritmoqda.

Jumladan, respublikamizdagi barcha dehqon bozorlarining kirish va aholi gavjum joylarida Departament tashabbusi asosida 3 059 ta arzonlashtirilgan maxsus rasta va savdo nuqtasi tashkil qilingan .

Mazkur rastalarda 637 ta chorva, 275 ta parrandachilik korxonasi, 499 ta kartoshka, piyoz va sabzi, 92 taga yaqin baliq hamda 1 091 ta boshqa ishlab chiqaruvchilar biriktirilib, mahsulotlarning uzluksizligi ta’minlanmoqda. Shu orqali bozorda mahsulot hajmini ko‘paytirish orqali narxlarning barqarorligini saqlashga e’tibor qaratilmoqda.

Aytish joiz, mahsulot hajmi hamda narxlari kunlik monitoring qilinib, narx oshishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar nisbatan arzon va taklif yuqori bo‘lgan hududlardan, shu jumladan, import mahsulotlar hisobidan intervensiya qilinmoqda.

Ushbu tizim asosida joriy yilning o‘tgan davrida 30,2 ming tonna kartoshka, 32 ming tonna piyoz, 20 ming tonna sabzi, 5,3 ming tonna karam, 6,8 ming tonna parranda go‘shti, 15,7 ming tonna go‘sht, 45 mln. dona tuxum, 10,5 ming tonna guruch va 27 ming tonna shakar ishlab chiqaruvchi narxida bozorlarga qo‘shimcha ravishda kiritildi.

Departament «O‘zyog‘moysanoat» uyushmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda paxtachilik klasterlari va kooperatsiyalari ixtiyorida qolgan paxta chigitining zaxirasi xatlovdan o‘tkazilib, ularni grafik asosida birjada sotish tashkil etildi.

Shunga ko‘ra, narxlarni manipulyatsiya qilish, o‘simlik yog‘ini asossiz g‘amlashning oldini olish maqsadida birja orqali paxta yog‘ini sotib olgan 71 ta tadbirkor bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi va mahsulotlarni bozorlar hamda savdo komplekslarida sotdirish choralari ko‘rildi.

Har kuni don korxonalari tomonidan un mahsulotini belgilangan grafikka muvofiq birja savdolariga chiqarilishi alohida nazoratga olinib, to‘liq miqdorda savdoga qo‘yilishi ta’minlanmoqda.

Un mahsulotini aholiga qimmat narxda sotib yuborgan chakana savdo korxonalari rahbarlari va sotuvchilariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilib, iyun oyida unni qimmat narxlarda sotish holatlari yuzasidan 6 ta qonun buzilish aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan shakllantirilgan zaxiralar hisobidan mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda qariyb 13 ming tonna shakarni aholiga arzonlashtirilgan narxlarda maxsus rastalar orqali 10-12 ming so‘mdan yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

Yuqori likvidli mahsulotlarni tovar-xomashyo birjasida qonun talablariga muvofiq sotilishi ham alohida nazoratga olingan bo‘lib, sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish borasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Masalan, muqaddam shakar birja savdolariga 1-2 ming tonna atrofida chiqarilgan bo‘lsa, hozirgi kunda uning hajmi 3 ming tonnagacha oshirildi. Shu kabi un va paxta yog‘ini savdoga chiqarish hajmlari ko‘paytirilib, narxlarni sun’iy oshirgan holda bitimlar tuzish holatlari bo‘yicha iqtisodiy jarimalar miqdori oshirildi.

Xususan, birjada narxlarni manipulyatsiya qilish yoki belgilangan tartibni buzgan holda savdoni amalga oshirish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha 52 shaxsga nisbatan choralar ko‘rildi.

Ehtiyojdagi ayrim tovarlar import hisobidan qondirilishi inobatga olinib, yirik importyorlar tomonidan mahsulotlarning mamlakatimizga keltirilishi ham qat’iy nazoratga olindi.

Bu borada Prezidentimiz bevosita tashabbuslari asosida imtiyozli foiz stavkalari bilan taqdim etilgan kreditlar asosida kartoshka, o‘simlik yog‘i, un va shakar xomashyosi sotib olinishi hamda mamlakatimizga olib kirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatildi.

Asosiysi, buning uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning moliyaviy asoslari yaratib berildi. Ajratilgan kreditlar hisobiga kartoshka, go‘sht, o‘simlik yog‘i, un va don mahsulotlari belgilangan hajmlarda keltirilmoqda.

Mazkur mahsulotlar «birinchi qo‘l» tamoyili asosida o‘rtakashlarsiz dehqon bozorlarida sotilishi ta’minlanmoqda. Narxlarni manipulyatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash tizimiga putur yetkazuvchi jinoyatlarga murosasiz qarshi kurashish olib borilib, jami 208 ta jinoyatga barham berildi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash uchun mavjud zaxira va imkoniyatlar yetarli, barcha zaruriy choralar ko‘rilgan. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika shtabi hamda Departament tomonidan ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar davom ettiriladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA