Yangi yil shukuhi kezib yurgan bir vaqtda, xalqimiz bu bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlayotgan ayni pallada fermeru-dehqonlarimiz, chorvadoru-ziroatchilarimiz o‘z ehson dasturxonlarini yozadilar. Ular ham yurtdoshlarimizga xursandchilik ulashish maqsadida yil davomida peshona teri evaziga yaratgan xirmonlarini el dasturxoniga tortiq qiladilar.
Albatta, bu yaxshi odat. Chunki, mavsumning oxiri, yangi dehqonchilik yilining kirib kelishida qilingan ezgu va savobli amallar ularning kelgusida oladigan hosillarining mo‘l-ko‘l bo‘lishiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Poytaxtliklar va xorijdan kelayotgan sayyohlarning yangi yilni ko‘ngildagidek qarshi olishlari uchun respublikamiz bozorlarida ham katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xususan, “Eski juva dehqon bozori” AJda maxsus joylar ajratilib, sotuvchi va xaridorlar uchun bayram rastalari hozirlandi. Bunday to‘kin-sochinlikni, jonli, ko‘ngilochar musiqiy dasturlarni bugun deyarli barcha bozorlarimizda kuzatish mumkin.
Mahsulotlarda uzilish bo‘lmasligi va poytaxtliklarning bayram dasturxoni to‘kis bo‘lishi, narx-navoning keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida Bosh prokuraturaning departamenti tashabbusi bilan 25 dekabrdan 10 yanvargacha oziq-ovqat ta’minoti zaxirasidan bozorlarga arzonlashtirilgan mahsulotlar peshma-pesh yetkazib berilishi ta’minlanadi.
Shu bilan birga oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib kelinishi ham narxlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu borada ham yaxlit tizim o‘rnatilgan.
Mazkur yarmarkalarda bobodehqonlar tomonidan yetishtirilgan sarxil mevalar, sabzavot va poliz, shuningdek, asal, sut, tuxum, go‘sht, baliq, umuman, 50 dan ortiq turdagi aholi uchun zarur mahsulotlar xaridorlarga arzon narxlarda sotilmoqda.
Ayniqsa ko‘p iste’mol qilinadigan mol va tovuq go‘shti, tuxum, shakar, yog‘ va boshqa turdagi mahsulotlar aholi ehtiyojiga qarab, ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma qilingani holda rastalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berilishi yaxshi samara bermoqda.
Bir so‘z bilan aytganda xalqimiz bayramni ko‘tarinki ruhda kutib olishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gFpxc2XixFE" title="Bozorlarda yangi yil bayrami shukuhi kezmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA