Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bozorlarda narxni arzonlashtirish choralari ko‘rilmoqda (+video)
11:14 / 2021-05-06

Aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, bozorlarda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Zero, oziq-ovqat mahsulotlari aholiga maqbul narxlarda sotilishi xalqimiz roziligining asosiy omillaridandir.

Biroq ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi sun’iy ravishda oshirib yuborilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda  muhokama va bahs-munozaralarga  sabab bo‘layotgani ham sir emas. Xususan, 1 litr pista yog‘i bundan bir oy ilgari 15 mingdan 16 ming so‘mgacha sotilgan bo‘lsa, bugungi kunda  22 mingdan 25 ming so‘mgacha oshirib yuborildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, bugungi kunda ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, narx-navo barqarorligini saqlash, aholiga uzluksiz va yetarli hajmda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida bozorlarning kirish va aholi gavjum bo‘lgan joylarida  arzonlashtirilgan maxsus rasta va savdo nuqtasi tashkil etilgan. Bu yerda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari boshqa do‘kon va supermarketlarga nisbatan 10-18 foizgacha arzon sotilmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari bilan tanishish maqsadida “Eski Juva” dehqon bozoriga bordik. Bozorning kirish qismida arzonlashtirilgan rastalar o‘rin olgan. Unda 1 litr pista yog‘i 16 ming 500  so‘mdan 19 ming 500 so‘mgacha sotilyapti. Go‘sht 55 ming, tuxum 900 so‘mdan 1 ming 200 so‘mgacha, kartoshka 3 mingdan 3 yarim minggacha, piyoz 1ming 500 so‘m.

Bozorlardagi narx-navo to‘g‘risidagi fikrlarini bilish maqsadida xaridorlarni suhbatga tortdik.

<iframe width="1186" height="664" src="https://www.youtube.com/embed/M1HcSm2RyWg" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

–Bu yerdan 1 litr yog‘ni 16 ming 500 so‘mga oldim. Uyimiz yonidagi do‘konlarda mana shu yog‘ 22- 23 mingdan sotilyapti.  Otang bozor, onang bozor, deb shunga aytsalar kerak-da. Bozorda  narx-navo ancha arzon ekan,–xaridorlardan biri.

–Noshukrlik – yomon illat, – deydi toshkentlik otaxon. – Qarang, bozorlarimizda hamma narsa bor: to‘kin-sochinlik. Shukr qilib yashash kerak. Biz ne zamonlarni ko‘rmadik, bir burda non uchun jon berganlar bo‘lgan. Hozir omon-omon zamon-ku, yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ortimizda.

Bozorda bir tadbirkor Ramazon oyi tufayli aholiga bir kilo go‘shtni 50 ming so‘mdan  sotayotganiga guvoh bo‘ldik.

– Bozor ma’muriyati bizni soliq va boshqa to‘lovlardan ozod qildi. Ayni shu omil ham mahsulotimizning nisbatan arzon sotilishiga sabab bo‘lmoqda, – deydi yakka tadbirkor Nodir Umarov.

–Tuman sektori rahbari bilan birgalikda bozordagi narx-navoni o‘rganib chiqdik, – deydi “Eski Juva” dehqon bozori MCHJ raisi Shuhrat Fayzullayev. – O‘rganishlarimiz bugungi kunda o‘simlik yog‘iga nisbatan talab yuqori ekanini ko‘rsatdi. Shu bois, birinchi navbatda, arzonlashtirilgan yog‘ sotadigan 2 ta rasta tashkil etdik. Ularda paxta yog‘i 14 mingdan, o‘simlik yog‘i esa 17 ming 500 so‘mdan 19 ming 500 so‘mgacha sotilyapti. Go‘sht saqlash uchun 10 ta muzlatkich ajratganmiz. Fermer xo‘jaliklari ularda bozorga sotish uchun olib kelgan go‘sht mahsulotlarini saqlashadi. Ulardan ijara, chipta, elektr puli olmayapmiz. Shu bois, ular sotayotgan go‘sht narxi nisbatan  arzon. Kartoshka, poliz mahsulotlari yetishtiradigan fermerlar bilan ham shartnoma imzolaganmiz. Ular o‘z mahsulotlarini daladan to‘g‘ri  bozorga olib kelishadi. Ulardan ham ijara yoki boshqa xarajatlar uchun pul olinmaydi. Shu bois, ularning mahsulotlari bozordagidan kamida 10-15 foizga arzon sotilyapti.

Ayni paytda bozorda narxlarni sun’iy oshirishning oldini olish, bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, narx-navo barqarorligini saqlash Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan nazorat qilinmoqda.

–Bozor ma’muriyati o‘z mahsulotini “vositachilarsiz” sotish istagini bildirgan dehqon va fermer xo‘jaliklariga bir qancha imtiyoz taqdim etdi, – deydi Departament xodimi Muhammad Rajabov. – Bozorlarda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etish orqali raqobat muhiti shakllantirilib, narxni mo‘’tadil ushlab turishga erishilmoqda. Buning natijasida bozordagi narx-navoning keskin va sun’iy oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmayapti. Buning uchun bozor ma’muriyati bilan birgalikda barcha chora-tadbirlarni ko‘rayapmiz.

Darvoqe, eslatib oʻtamiz, siz agar oziq-ovqat mahsulotlarini nisbatan arzon narxda sotib olishni istasangiz, bozorlardagi arzonlashtirilgan yarmarkalarga boring.

Shahnoza Mamaturopova, Nishonboy Abduvoitov(video), OʻzA