Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bozorlar to‘kin, zaxira yetarli
17:31 / 2014-08-07

– Bu yil tajriba tariqasida Koson tumanida yuz gektar maydonda tezpishar qovun yetishtirib, eksportini yo‘lga qo‘ydik, – deydi uyushmaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Sharofiddin Asomov.

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "O‘zulgurjisavdoinvest" uyushmasi tizimidagi korxonalarda intensiv bog‘lar yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilikni rivojlantirish hamda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun zamonaviy omborlar tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

“O‘zulgurjisavdoinvest" uyushmasi raisi o‘rinbosari R.Hamidbekov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, bozorlarda mo‘l-ko‘lchilik va aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2011-yil 30-martdagi “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi tuzilmasini isloh qilish va faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qarori uyushma faoliyatining kengayishida muhim omil bo‘layotir. Unga ko‘ra, yetishtirilgan mahalliy oziq-ovqat, ayniqsa, meva-sabzavot mahsulotlarini ulgurji xarid qilish, saqlash va aholini ushbu mahsulotlar bilan barqaror ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, chekka hududlardagi chakana savdo tarmoqlarini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlari bilan uzluksiz ta’minlash – doimiy e’tiborda.

Ayni paytda uyushma tizimidagi korxonalarda 116 ming kvadrat metr sovutilmaydigan va 60 ming tonna sig‘imga ega sovutgichli omborxonalar mavjud. Ushbu korxonalar mahsulotlarni dehqonlardan xarid qilish bilan birga, ichki imkoniyatlardan foydalangan holda, o‘zlari ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi “2011-2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mavjud omborxonalarni rekonstruksiya qilish, zamonaviy sovutish kameralari qurish ishlari davom ettirilmoqda. Natijada, 2014-yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra, tizimda 150 ming tonnadan ziyod sig‘imli omborxonalar barpo etildi. Joriy yilda ularda 70 ming tonnadan ziyod zaxira jamg‘arish rejalashtirilgan.

– Bu yil tajriba tariqasida Koson tumanida yuz gektar maydonda tezpishar qovun yetishtirib, eksportini yo‘lga qo‘ydik, – deydi uyushmaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Sharofiddin Asomov. – Shuningdek, oziq-ovqat zaxirasini ko‘paytirish maqsadida Qashqadaryo, Buxoro viloyatlarida chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etildi. Hozir ularda 1 ming 400 bosh qoramol, 510 bosh qo‘y boqilmoqda. 122 gektar maydonda barpo etilgan intensiv bog‘lar hosilga kirdi. Mazkur tadbirlar natijasida qariyb 500 yangi ish o‘rni yaratildi.

Tadbirda aholining iste’mol tovarlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ichki bozorni raqobatbardosh mollar bilan to‘ldirish maqsadida keyingi yillarda tizimda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha ellikka yaqin zamonaviy sex tashkil etilgani qayd etildi. Non va non mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 18 loyiha amalga oshirildi. Ularda o‘tgan yili 5,8 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 6,3 milliard so‘mni tashkil etdi.

Yil oxiriga qadar qirqqa yaqin non, makaron va qandolat mahsulotlari, nooziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sexlari, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik va asalarichilik xo‘jaliklari tashkil etish hamda aholiga savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarini barpo etish bo‘yicha saksonga yaqin loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.