Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bozorlar nazorati: tartib, narx va adolat
22:08 / 2026-02-21

Bozordagi har bir narx — bu oddiy raqam emas, u minglab oilalarning dasturxoni, ro‘zadorning iftorligi, kundalik tirikchilik hisobi demakdir.

Shu bois, Jizzax shahridagi savdo majmualari va dehqon bozorlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar navbatdagi rasmiy tadbir emas, balki narx-navo barqarorligi, iqtisodiy intizom va aholi manfaatini himoya qilishga qaratilgan amaliy qadam sifatida ahamiyat kasb etdi.

Jarayonga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tizimi mas’ullari hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududiy bo‘limi vakillarining jalb etilgani bejiz emas. Chunki “yashirin iqtisodiyot” faqat soliq tushumlariga emas, balki bozordagi sog‘lom raqobat muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, Ramazon oyi arafasida sun’iy taqchillik yaratish, asossiz qimmatlashuvga yo‘l qo‘yish yoki tushumlarni yashirish holatlarining oldini olish davlat organlarining qonuniy vazifasidir.

O‘rganishlar davomida qariyb ikki yuz nafar tadbirkor bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Suhbatlarda ishchilarni rasmiy mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilish, savdo aylanmasini to‘liq hisobga olish, naqd pulsiz hisob-kitoblarni keng joriy etish kabi masalalar atroflicha tushuntirildi. Bu talablar ortida jazo emas, tartib va adolat turibdi.

Negaki rasmiylashtirilmagan ishchi — ijtimoiy himoyadan mahrum inson, yashirilgan tushum — davlat byudjetiga kam tushum, demak, ijtimoiy dasturlarga kam imkoniyat deganidir. Shu ma’noda soliq idoralari ham, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tuzilmalari ham o‘z vakolati doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash orqali aholi farovonligiga xizmat qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bozorda narxlarning barqaror saqlanishi faqat ma’muriy nazorat bilan emas, balki shaffof iqtisodiy muhit orqali ta’minlanadi. Har bir hisob-kitob aniq bo‘lgan, har bir tadbirkor qonuniy faoliyat yuritgan sharoitda sun’iy qimmatlashuvga o‘rin qolmaydi. Bu esa Prezident qarorlarida belgilangan iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish, biznes yuritishni yengillashtirish va iste’molchilar huquqini himoya qilish vazifalarining amaliy ifodasidir.

Jizzax bozorlaridagi bu jarayon bir haqiqatni yana bir bor namoyon etdi: tartib bor joyda barqarorlik bo‘ladi, barqarorlik bor joyda esa ishonch mustahkamlanadi. Iqtisodiy intizomni kuchaytirish — bu kimnidir qo‘rqitish emas, balki halol tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash, xaridorni himoya qilish va jamiyat farovonligiga zamin yaratish demakdir.

Abdujalol Qayumov, O‘zA