Sudandagi fuqarolar urushi tufayli yuz berayotgan havo hujumlari ko‘lami kutilganidan ancha dahshatli ekani ma’lum bo‘ldi.
Gap shundaki, yaqinda “Sudan Witness” loyihasi 2023–2025 yillarda Sudan hududida qayd etilgan 384 ta havo zarbasini tahlil qilib, kamida 1 700 tinch aholi halok bo‘lgani, mingdan ortiq kishi yaralanganini aniqladi. Eng achinarlisi, zarbalar asosan aholi uy-joylari, bozorlar, maktablar, shifoxonalar hamda ko‘chirilganlar lagerlariga berilgani tasdiqlangan.

Hisobotda armiyaning gavjum hududlarda mo‘ljalsiz, boshqarilmaydigan qurollardan foydalangani, bu esa oddiy odamlar orasida katta talafotlarga sabab bo‘layotgani qayd etilgan. Ayrim joylarda hatto portlamay qolgan bombalar ham topilgan.
Shuningdek, Shimoliy Kordofandagi Hamrat al-Shayx bozoriga qilingan hujumda kamida 30 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq odam yaralangani, Dorfur va boshqa mintaqalarda esa shifoxonalar, maktablar va aholi yashash hududlari vayron bo‘lgani qayd etilgan. Nyala va al-Kuma kabi shaharlar eng ko‘p nishonga olingan hududlar sifatida tilga olingan.

Xalqaro tashkilotlar mamlakat armiyasini hamda qurolli qarshilik guruhlarini ziddiyatda ayblamoqda. Ekspertlar fikricha, Sudan mojarosi tobora “xalq urushi”ga aylanib bormoqda: havodan qilingan hujumlarda asosan, oddiy odamlar halok bo‘lmoqda. Nizo davom etar ekan, aholining hayoti va xavfsizligi keskin salbiylashib boraveradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA