Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bozordagi narx-navo va raqobat nazorati bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qanday vakolati bor?
16:11 / 2022-06-02

Hozirda dunyoning ko‘pgina davlatlarida asosiy turdagi iste’mol tovarlar narxlarining o‘sishi kuzatilmoqda.

BMTning oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) 2022 yil mart oyidagi hisobotida dunyoda oziq-ovqat narxlari indeksi o‘rtacha 159,3 punktni tashkil etgan.

Prezidentimizning joriy yil 1 iyunda «Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur, farmonga ko‘ra, 22 ta turdagi import qilinadigan iste’mol va oziq-ovqat mahsulotlari (go‘sht mahsulotlari, baliq, sut mahsulotlari, sitrus mevalar, o‘simlik yog‘i, boshqa oziq-ovqat mahsulotlari) bojxona bojlaridan ozod etiladi.

Bundan tashqari, oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash to‘xtatib turiladi.

Shu bilan birga, davlat xaridlarida oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish bo‘yicha cheklovlar vaqtincha to‘xtatiladi.

Qolaversa, mamlakatimizga olib kiriladigan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Joriy yilning 1 iyunidan boshlab o‘simlik (paxta va kungaboqar) yog‘i, kungaboqar urug‘lari va boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari eksporti vaqtinchalik to‘xtatilmoqda.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining bozordagi narx-navoni asossiz oshirish, raqobatni buzish, bozorga kirishga to‘sqinlik qilish holatlari bo‘yicha vakolatlari kuchaytirilmoqda.

Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin tebranishi davrida raqobatga zid harakatlar natijasida narxlarni sun’iy oshirishga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan choralarni qo‘llash, narxlarning asossiz o‘sishi holatlarini aniqlash uchun mavjud zaxiralarni xatlovdan o‘tkazish va xatlovda aniqlangan mahsulotlarning ortiqcha hajmini savdoga chiqarish bo‘yicha ogohlantirish va ko‘rsatma berish kabi vakolatlari kuchaytirilmoqda.

Bundan tashqari, aniqlangan sifatsiz mahsulotlarni iste’mol muomalasidan chiqarish to‘g‘risida ishlab chiqaruvchi va sotuvchilarga ko‘rsatmalar berish, iste’mol tovarlar savdosiga ixtisoslashgan savdo komplekslari, tarmoqlari va bozorlarda, asosiy oziq ovqat mahsulotlari narxlarini asossiz va sun’iy oshirish, ularga bo‘lgan tanqislikning vujudga keltirishga qaratilgan g‘ayrihuquqiy harakatlarni, iste’mol tovarlarga narx-navoni shakllantirishning belgilangan mexanizmlariga rioya etilishini, bozorlar va savdo tarmoqlariga kirish bo‘yicha sun’iy to‘siqlar va cheklovlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish vakolatlari berilmoqda.

– Mazkur vakolatlar avvalambor bozorda narxlarning sun’iy oshirilishi va mahsulotlar tanqisligini keltirib chiqarishning oldini olishga qaratilgan. Bunday chora-tadbirlar narx-navoni barqarorlashtirishga qaratilgan yana bir harakat bo‘lib, respublika aholisining arzon va sifatli asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish asosiy masala hisoblanadi. Shunday ekan, fuqarolarimiz tomonidan ham zaruriy iste’mol tovarlarini isrof qilmaslik, respublikadagi tadbirkorlik sub’ektlarining vujudga kelishi mumkin taqchillik vaziyatidan foydalanib qolmasliklari hamda narxlarning asossiz oshirmasliklarini so‘rab qolamiz, – deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Asadulla Qayumov.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA