Xo‘jayli tumani dehqon bozori faoliyati bilan tanishgan senator bu yerda qator muammolar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratdi.
Xususan, bozorda sotuvchi va xaridorlar uchun zarur infratuzilma yetarli darajada shakllanmagani, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilmayotgani, savdo faoliyati to‘liq tartibga solinmagani hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan yetarli darajada choralar ko‘rilmayotgani aniqlangan.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisiga mana shu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha senator so‘rovi yubordi.

Mazkur masala yuzasidan parlament nazorati tartibida Vazirlar kengashi raisidan bozorda qanday ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgani, savdo qoidalariga qay darajada rioya etilayotgani, jamoat tartibi va yong‘in xavfsizligi qanday ta’minlanayotgani, sanitariya-gigiyena talablari bajarilayotgani haqida aniq ma’lumot berish so‘ralgan.
Mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qanday ishlar qilinayotgani va bozorni yanada rivojlantirish uchun kelgusida qanday rejalar borligi yuzasidan ham tushuntirish berish so‘ralgan.
N.Abduraimova, O‘zA