Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bozorda adolatni ta’minlash uchun memorandum imzolandi
10:18 / 2026-01-21

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘rtasida narxlar barqarorligini ta’minlash, inflyatsiyani pasaytirish va bozorlarda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

Ushbu hujjat mamlakatda asossiz narx oshishi, monopoliya holatlari va bozordagi noqonuniy ustunliklarga qarshi samarali choralarni kuchaytirishga xizmat qiladi. Tomonlar inflyatsiyaga ta’sir etuvchi omillarni ilmiy asosda tahlil qilish, narx shakllanishi jarayonlarini ochiq va shaffof qilish, shuningdek, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.

Memorandum doirasida bozordagi konsentratsiya darajasi, monopol holatlar, tovar va xizmatlar narxiga ta’sir etuvchi xatarlar bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashish tizimi joriy etiladi. Shu orqali bozordagi muammolarni barvaqt aniqlash va oldini olish imkoni yaratiladi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, mazkur hamkorlik aholi uchun adolatli narxlar, tadbirkorlar uchun teng shart-sharoitlar va iqtisodiyot uchun barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.

N.Rahmonova,

O‘zA