French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bozor narxlari qat’iy nazoratda
16:17 / 2026-02-21

Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi

Joriy yilning 16-fevral kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muborak Ramazon oyi arafasida mamlakat ichki bozorlarida narx-navoni barqarorlashtirish, aholini, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni arzon, sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi. Yig‘ilish davomida ushbu yo‘nalishda mas’ul idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yilib, tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyati soliq xizmati organlari tomonidan keng qamrovli, tizimli va izchil ishlar tashkil etilmoqda. Bu ishlar aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozor mexanizmlarini sog‘lomlashtirish, tadbirkorlik muhitini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan.

Xususan, viloyat soliq xizmati organlari mas’ullari tomonidan G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Peshku, Romitan hamda Buxoro tumani hududlaridagi dehqon bozorlarida tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarida mahsulotlar narxlari atroflicha o‘rganildi. Joylarda tadbirkorlar, savdo sub’ektlari va fermer xo‘jaliklari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, mavjud muammolar, narx shakllanishi omillari va bozordagi talab-taklif muvozanati tahlil qilindi.

O‘rganishlar jarayonida mas’ullarga ushbu yarmarkalarni “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida tashkil etish, ya’ni mahsulotlarni ortiqcha vositachilarsiz, bevosita ishlab chiqaruvchidan iste’molchiga yetkazish mexanizmlarini keng joriy etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, hududlardagi fermer xo‘jaliklari, dehqonchilik klasterlari hamda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni yarmarkalarga faol jalb qilish vazifasi belgilab berildi.

Bu chora-tadbirlar orqali bozorlarda mahsulot tanqisligining oldini olish, narxlarni sun’iy oshirish holatlariga chek qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash, aholining xarid qobiliyatini muhofaza qilish kabi muhim ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga erishish ko‘zda tutilmoqda.

Jarayonda iqtisodiy munosabatlarni raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, naqdsiz to‘lovlar ulushini oshirish, nazorat-kassa texnikasidan to‘g‘ri va qonuniy foydalanish, elektron hisob-fakturalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish, soliq hisobotlarining shaffofligini ta’minlash masalalari bo‘yicha tadbirkorlarga tushuntirish ishlari olib borildi.

Shu bilan birga, dehqon bozorlarida tadbirkorlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, savdo infratuzilmasini yaxshilash, qonuniy faoliyat uchun qulay muhitni shakllantirish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi. Tadbirkorlarning soliq intizomiga qat’iy rioya qilishi, qonuniy faoliyat yuritishi, hisob-kitoblarning oshkoraligi ta’minlanishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Ayni paytda, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, norasmiy savdo aylanmalarini qisqartirish, iqtisodiyotni legallashtirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish yo‘nalishlarida ham kompleks chora-tadbirlar belgilandi. Ushbu masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilib, tizimli nazorat o‘rnatilishi belgilab olindi.

Umuman olganda, amalga oshirilayotgan mazkur ishlar Ramazon oyi arafasida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bozor barqarorligini ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda davlat siyosatida inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish tamoyillarining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu jarayonlar orqali nafaqat iqtisodiy barqarorlikka, balki jamiyatda ijtimoiy ishonch, adolat va barqaror taraqqiyot muhitiga mustahkam zamin yaratilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA