Mana uch yildirki, Farg‘ona viloyati Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda yaqindan yordam berib kelmoqda. Dastlabki yillarda tuman markazi va 5 ta ovul fuqarolar yig‘inlarida kichik korxonalar tashkil etildi.
Aholi tadbirkorlikka o‘rgatildi. Tikuvchilik sexlari, parrandachilik fermer xo‘jaligi, bog‘dorchilik, chorvachilik yo‘lga qo‘yildi. Natijada yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ayni choqda azaliy to‘qayzorlar tozalanib, yer o‘zlashtirildi, paxta, sabzavotlar ekildi. Daryodan yangi kanal qazib, suv keltirildi.

Bo‘zatovlik mehnat faxriylari har yili Farg‘ona sihatgohlarida bepul davolanadilar. O‘quvchilari esa yozgi ta’tilni Farg‘ona bolalar oromgohlarida o‘tkazmoqda.

Farg‘ona viloyatining hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya yana Bo‘zatov tumanida bo‘ldi. O‘tgan yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalari bilan tanishdilar. Tuman infratuzilmasi, ijtimoiy ob’ektlarda qilinishi zarur vazifalar belgilab olindi.

–Ovullarni kezar, odamlar bilan gaplashar ekanman, bir narsani kuzatdim – yashash uy-joylari tomlari eskiribdi. Ayrimlari yaroqsiz ahvolga kelibdi. Biz ularni ta’mirlash, Farg‘onada ishlab chiqarilayotgan shiferlar bilan qayta yopishda yordamlashamiz, – dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov ishtirokida o‘tgan safar davomida Bo‘zatovda "Farg‘ona tajribasi" asosida rejalashtirilgan keng ko‘lamli loyihalar ijrosi davom ettirilishiga kelishib olindi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA