FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi “Boyterak” mahalla fuqarolar yig‘inida turli millat vakillaridan iborat jami 3 ming 365 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 20 ga yaqin ko‘cha, 28 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, jami 910 ta xonadon ro‘yxatga olingan.
Mahallaning asosiy o‘sish drayveri aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohasidir. Hozirda hududda 105 ta kam ta’minlangan oila ijtimoiy reyestrga kiritilgan. Shuningdek, 177 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs, “Ayollar daftari”da esa 136 nafar xotin-qiz hisobda turibdi. Ushbu qatlamni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda mahalla infratuzilmasini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2025 yilda hokim yordamchisining tavsiyasi asosida 27 nafar fuqaroga tijorat banklari orqali imtiyozli kreditlar ajratildi. Shuningdek, 6 nafar ishsiz fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi, 8 nafar fuqaroga o‘zini o‘zi band qilishi uchun subsidiya berildi. 12 nafar xotin-qiz tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi, 4 nafar fuqaro esa doimiy ish o‘rniga joylashtirildi. Bundan tashqari, 3 nafar fuqaroga xorijiy tillarni o‘rganishda ko‘mak berildi, 7 nafar ishsiz ayol kasanachilik va jamoat ishlariga jalb etildi. Ikkita xonadonga quyosh panellari o‘rnatildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan Barno Izbostiyevaga subsidiya asosida yangi tikuv uskunasi taqdim etildi. Ayni paytda u xonadonida tikuvchilik bilan shug‘ullanib, buyurtma asosida ayollar kiyimlari hamda zamonaviy pardalar tikib, oilasi daromadini oshirmoqda. Mahalla fuqarolaridan yana biri – yosh tadbirkor Sulaymon Jumamurotovga avtomobillarni ta’mirlash ustaxonasi uchun yangi uskuna olishda “Agrobank”dan 100 million so‘m imtiyozli kredit berildi. Tadbirkor o‘z ustaxonasida 4 nafar yigitni ish bilan ta’minlagan.
[gallery-27249]
Mahalladagi 350 ga yaqin xonadon har yili tomorqadan unumli foydalanib, dehqonchilik, bog‘dorchilik, parrandachilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Hududda infratuzilmani yaxshilash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2025 yilda mahallada 19,9 kilometr ichki yo‘l ta’mirlandi. Uning 8,9 kilometri asfaltlashtirilgan bo‘lsa, 11 kilometriga tosh va shag‘al aralashmasi yotqizildi. Shuningdek, elektr energiyasi, ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlanish hamda ulardan samarali foydalanish holati qoniqarli darajada ekani qayd etilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA