Surxondaryo viloyatidagi Boysun tumani yilning to‘rt faslida ham o‘ziga xos tabiat manzaralari bilan har qanday kishini maftun etib, o‘zgacha zavq ulashadi. Ayniqsa, bahor va yoz faslida yashillikka burkangan tog‘lar qo‘yni turfa gullari, dov-daraxtlari, shifobaxsh giyohlari bilan insonni o‘z bag‘riga chorlayveradi.
Salqin iforli havoda sollanayotgan yashil boyliklar dimoqqa xush yoqib, qalblarga huzur bag‘ishlaydi.
Boysun tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Yunus Xoliyorov taqdim etgan bu safargi fotolavhalar osmono‘par tog‘lar bag‘ridagi Xo‘jaidod mahallasi hududida suratga olingan.


Tuman markazidan 65 chaqirim olisdagi mahallaga tutash tog‘ cho‘qqilari hali oppoq qorga burkanib, qish uyqusida bo‘lsa-da, mahalla qishloqlarida bahor nafasi, yoz tafti esmoqda. Tog‘lar qo‘ynida rang-barang tovlanayotgan gullarning ohista tebranishi va yashil libos kiygan mevali daraxtlar hosilidan beixtiyor ko‘zingiz quvnaydi. Dala yumushlari bilan band tog‘ odamlarining samimiy suhbatlari va guldan-gulga qo‘nayotgan asalarilarning betinim harakatidan o‘zgacha zavq tuyasiz. Qalblarni qitiqlaydigan mayin havosidan simirib, qushdek yengil nafas olasiz.


Maftunkor bu tog‘lar qo‘yniga yilning qaysi faslida safar qilsangiz, kelgusi yil yana o‘sha kunlarni shu yerlarda o‘tkazishni qo‘msaysiz. Xullas, yozning jazirama issiq kunlari yo‘lingiz tushib, Boysunga yurish qilsangiz albatta, Xo‘jaidod taraflarga ham kelib, tabiat in’om etgan go‘zallik va salqingina iforli havosidan bahramand bo‘ling.

Bu yerlarda bir umrga yodingizda qoladigan tog‘ havosidek qalbi toza, bunyodkor odamlar, boldek shirin turfa mevalaru, jilg‘alarda sharqirab oqayotgan muzdekkina zilol suvlar, go‘zal tabiat manzaralari oshiqib kutmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA