French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boysunlik ishbilarmonlar tog‘ qo‘ynida kartoshka yetishtirdi
11:02 / 2025-07-29

Prezident topshirig‘i – amalda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yil 16 iyunda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat o‘rmon xo‘jaligi balansidagi o‘rmon bilan qoplanmagan yerlardan samarali foydalanib, oziq-ovqat ekinlari yetishtirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berilgan edi.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatining Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligidagi yashil boylik bilan qoplanmagan yerlardan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu tajriba yer resurslaridan samarali foydalanib, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilayotir. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rmon xo‘jaligi hududida 366,5 gektar o‘rmon bilan qoplanmagan lalmi yer mavjud. Bu yerlardan unumli foydalanib, oziq-ovqat ekinlari parvarishlash uchun yaqin atrofdagi qishloqlar aholisiga shartnoma asosida taqsimlab berilmoqda. Masalan, o‘rmon xo‘jaligining Yuqori Machay mahallasidagi tog‘lar bag‘ridan 7 gektar lalmi yer maydonini Qizilnavr qishlog‘ida yashaydigan Mengli Murtazoyev o‘zlashtirib, kartoshka ekdi. Tajribali dehqon tog‘lar qo‘ynidagi bo‘z yerdan mo‘l hosil olish uchun uch kilometrdan ortiq masofaga polietilen quvur yotqizib, buloq suvini olib keldi. 

– Tog‘ bag‘rida yangi o‘zlashtirgan yerimizga birinchilardan bo‘lib, kartoshka ekkan edik, – deydi Mengli Murtazoyev. – Yerning unumdorligi yaxshi ekan, kartoshkalarimiz tez yetilib qoldi. Kelgusi oyda hosilni terib-yig‘ib olishni boshlaymiz. Bu yil o‘nga yaqin yoshni ish bilan ta’minladik. Kelgusida ekin maydonlarimizni kengaytirib, yuzga yaqin ish o‘rni yaratmoqchimiz. 

O‘rmon xo‘jaligi yerida dehqonchilik bilan shug‘ullanib, sifatli hosil yetishtirishni boshlagan M.Murtazoyev mavjud maydondagi kartoshkadan dastlabki yil 500 million so‘m atrofida daromad olishni mo‘ljallamoqda.

– Foydalanmay turgan yer maydonlarimizda aholi kartoshka parvarishlashga qiziqish bildirmoqda, – deydi o‘rmon xo‘jaligi direktori Shamsiddin Ostonaqulov. – Bu joylarning tuprog‘i juda unumdor. Iqlim sharoitimiz ham kartoshka o‘stirishga juda mos. Bu yil xo‘jaligimizning Kengdala qishlog‘i tarafida o‘zimiz ham bir yarim gektar maydonda kartoshka parvarishlayapmiz. Hozir qiyg‘os gullagan. Ha, demay yig‘ishtirib olishni boshlaymiz. Oltmish tonnadan oshiq hosil olishni rejalashtiryapmiz. Kelajakda o‘rmon bilan qoplanmagan yerlarimizdan yanada samarali foydalanib, boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni belgilab oldik.

Bu yil o‘rmon xo‘jaligining Yuqori Machay bo‘limidagi ikki gektar yerda Maftuna Egamberdiyeva, Avlod mahallasidagi bo‘sh turgan ikki gektar maydonida Fayzulla Rahmonovlar ham kartoshka parvarishlamoqda.

O‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlarida oziq-ovqat ekinlari yetishtirishga e’tiborning kuchaytirilayotgani nafaqat bozorlarga sifatli, arzon mahsulotlar yetkazib berib, oziq-ovqat xavfsizligini va qishloqlar aholisining bandligini ta’minlash, balki tog‘li hududlarda yashaydigan aholining ishonchli daromad manbaini yaratishga ko‘maklashayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri