Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boysunga bahor keldi
13:51 / 2026-03-01

Boysun purviqor tog‘lari, go‘zal tabiat manzaralari, shifobaxsh zilol suvlari bilan ham sayyoramizda shuhrat topgan.

So‘lim go‘shaning tabiat manzaralari yozu kuzda ham, qish va bahorda ham insonni o‘z bag‘riga chorlab, maftun etadi. Qalblarga iliq tuyg‘ular ulashib, insoniyatni sirli tabiat bilan do‘st tutinishga undab turadi. Boysuntog‘ cho‘qqilarida hali qish nafasi esayotgan bo‘lsa-da, uning etagidagi qir-adirlarda borliq uyg‘onib, boychechak gul ko‘rsatdi. Ming bir dardga davo bo‘ladigan shifobaxsh giyohlar nish urmoqda. 

Ariqlar bo‘ylarida unib chiqayotgan kiyik o‘ti, tog‘ rayhoni, ifor kabi o‘simliklarning xushbo‘y hidi dimoqni qitiqlaydi. Bepoyon adirlarni o‘t-o‘lanlar yashil libosga burkayotir. – Bu yil Boysunda ham borliq andak erta uyg‘ondi, – deydi tuman hokimligining matbuot xizmati rahbari Yunus Xoliyorov. 

– Maftunkor bahor go‘zalligidan bahra olayotgan yurtdoshlarimiz dala yumushlarini boshlab yubordi. Tog‘ etaklaridagi adirlarga qo‘y-qo‘zilar ovozi, turli sayroqi qushlar nolasi o‘zgacha tarovat bag‘ishlamoqda. Boysun bahor shaydolarini yana o‘z bag‘riga chorlamoqda. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA