Ijtimoiy tarmoqlarda “Mustaqillikning 25 yilligi” koni hududida chiqqan gaz yondirib qo‘yilgani haqidagi videoxabar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda hududda kichik hajmda to‘plangan gazni xavfsiz yoqish ishlari olib borilayotgan ekan. Bu haqda Energetika vazirligi rasmiy bayonot berdi.
–Aytish joizki,– deyiladi jumladan bayonotda.–“M-25” koni hududida hech qanday kutilmagan vaziyatlar kuzatilmagan. Bugungi kunda 2024 yil sentyabr oyida metan emissiyasi sodir bo‘lgan quduq o‘rnida ob’ektni konservatsiya qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar olib borilmoqda va bu yerda doimiy monitoring yuritilyapti.

604-sonli quduqda tozalash ishlari olib borilayotganda quduqdan olis hududlarda yer yuzasiga yaqin joylashgan bo‘shliqlar va kollektorlardagi mikro yoriqlarda kichik hajmdagi gaz to‘plangan.
Ayni paytda hududda kichik hajmda to‘plangan gazni yoqish orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad kislotali gazlar atmosferaga chiqishining oldini olishdir.
Ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga to‘la javob beradi.
Rejalashtirilgan konservatsiya va profilaktika ishlarini mazkur texnologik jarayonning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunmaydiganlar boshqacha talqin qilishi mumkin.
Bunga holat bo‘yicha tarqalgan videolavha yaxshi misol bo‘la oladi.
Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Boysun tumani hokimligi xodimlari bilan ham bog‘landik. Ular gaz kichik hududda yonib turgani, biroq videolavha tunda olingani uchun katta maydonni qamrab olgandek tuyulayotganini ma’lum qilishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri