Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boysundagi konda gaz favvorasi jilovlanish arafasida
21:51 / 2024-09-24

Shu yilning 1 sentyabr kuni Boysun tumani Kofrun qishlog‘i yaqinidagi M-25 gaz konida yer osti portlashi ro‘y berib katta bosimda tarkibida oltingugurt bo‘lgan gaz favvorasi otilib chiqqan edi. U tez kunlarda yopildi. Ammo 17 sentyabr kuni undan qayta gaz sizib chiqa boshladi.

Boysun tabiati erkatoy. Shamoli goh o‘ngga, goh so‘lga tomon esadi. Bu yerga eng yaqin qishloq esa Kofrundir. Mahalliy aholi aytishicha, shamol qishloq tomon esganda gaz hidi dimoqqa urilib, nafas yo‘llariga  ta’sir qilgan, bosh og‘rig‘i, ko‘z achishishi ro‘y bergan.  

– Kofrun qishlog‘idagi 639 oila Boysundagi kasb-hunar markazi va ikkita maktabga ko‘chirildi. Bir qismi esa o‘z xohishi bilan qarindoshlarinikiga borishdi, –deydi FVV tuman bo‘limi rahbari Nurillo Xalilov. – Ijtimoiy tarmoqlarda tuman shifoxonasi gazdan zaharlanganlarga to‘lib toshdi, deb yozishgandi.

– 1-24 sentyabr kunlari oralig‘ida 150 nafar gazdan zaharlanish bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi. Ular statsionar davolashga muhtoj emasligi uchun 2-3 soat ambulatorik xizmat ko‘rsatganmiz, – deydi tuman tibbiyot bo‘limi bosh shifokori v.b. Bahodir Normamatov.

Tabiiy texnik avariya sodir bo‘ldi. Xo‘sh, gaz koni atrofidagi qishloq aholisi bu haqida nima deydi?  

Biz Kofrun qishlog‘ida bo‘lganimizda hamma o‘z ishi bilan band edi. Quruvchilar obodonchilik loyihasini amalga oshirayotgani, manzilli avtobuslar jadval bo‘yicha qatnayotganini ko‘rdik.

– Bunday holat ilgari ham bo‘lgan va bartaraf etilgan. Vaziyat Prezidentimiz e’tiborida. Barcha ishlar qilinyapti, – deydi qishloq oqsoqollaridan biri Toshturdi Raimnazarov.

Otaning yana bir hamqishlog‘i ham vaziyat nazorat ostida ekanini aytdi:

– Har bir oilaga 5 kilodan go‘sht, yog‘, guruch va boshqa oziq-ovqatlar berildi. Boshqa yordam ham ko‘rsatilmoqda.      

    

Bizni havo tarkibi, undagi zararli moddalar miqdori qiziqtirdi va viloyat sanitariya- epidemiologik tizim laboratoriya  rahbari Ikromjon Bakirovga murojaat qildik:

– Mana hozir, 24 sentyabr soat o‘n-u o‘n beshda o‘lchagich nolni ko‘rsatyapti. Bu havo tozaligini bildiradi.    

Bu yerga ko‘plab aholi vakillari kelishdi. Ularning har birini tingladik, vaziyat  va oqibatlarni, istiqbolni muhokama qilgan bo‘ldik. Aholining asosiy noroziligi shunda ediki, favqulodda holatda  hokimlik, tegishli idoralar ularni yetarlicha ogoh qilmadi, o‘zini qanday tutish lozimligi yuzasidan o‘z vaqtida tavsiya bermadi. Bu haqli talab edi. Chunki, havo tarkibidan oltingugurtli gaz hidi kelishi ularni shoshirib qo‘ygandi. To‘g‘ri, tuman hokimligi ma’lum choralarni ko‘rgan.

– Zarur paytda odamlarni  ko‘chirib joylashtirdik. Maktab masalasida o‘sha joylardagi maktablarga biriktirdik. Vafot etgan, jarohatlanganlar oilasiga ham yordam ko‘rsatildi, – deydi Boysun tumani hokimi Bahodir Shukurov.

Biz yana bir tarqatilgan feyk axborot yuzasidan qishloq veterenari Akbar Xolboyevni suxbatga tortdik.

– Qishlog‘imizda to‘rt mingga yaqin chorva bo‘lib, birontasi ham o‘lgani yo‘q. Ularning holatini nazorat qilib turibmiz, – deydi u.

Nihoyat biz Kofrun qishlog‘idan M-25 gaz koni tomon yo‘lga chiqdik. Yo‘l-yo‘lakay yaylovda o‘tlab yurgan chorva mollariga duch keldik.

Gaz konidagi texnogen holat aslida gaz qazib oluvchi dunyo mamlakatlarida uchrab turadi. Shu haftaning 16 sentyabr kuni  AQSHning Texas shtatidagi kimyoviy zavodda ham portlash ro‘y berdi. Uni haligacha o‘chira olishmayapti. Bu tasvirlarda Eronning ko‘mir konidagi gaz portlashi aks etgan. 22 sentyabr kuni ro‘y bergan fojeada 51 nafar odam halok bo‘lgan. Bu bilan biz Boysun voqeasini xaspushlamoqchi emasmiz.  Aytmoqchimizki, gaz, neft qidiruv, qazish, bug‘lash chog‘ida  yer osti bosimi bilan bog‘liq kutilmagan xodisalar ro‘y berib turadi.

Kon tepasiga kelib qilinayotgan ish bilan yaqindan tanishdik. Yer ostiga qoqilgan quvurga priventor o‘rnatilibdi. Bu katta yutuq edi. Endi yon tomondan chiqayotgan gazni jilovlash kerak.

Xo‘sh, Boysundagi M-25 gaz konidagi portlash haqida mutaxassislar nima deydi? Shunday savol bilan biz ERIEL kompaniyasi raisi maslahatchisi Azizbek Nazarovga murojaat qildik.

– 3900 metr yer ostida aslida 400 atmosfera bosim bo‘lishi lozim edi. Ammo bu konda anomal holat kuzatilib, bosim 600 atmosferaga yetgan. Konda 120 milliard kubometr gaz zaxirasi bo‘lishi taxmin qilingan. Shunday bo‘lsa, O‘zbekiston gaz mustaqilligiga erishamiz.

Biz gazni jilovlash uchun Amerika, Yevropaning yetakchi mutaxassislarini jalb etganmiz. Birgalashib qaror qabul qilganmiz. Avariyada halok bo‘lganlarning oila a’zolariga doimo yordam ko‘rsatamiz. Farzandlari kompaniya tomonidan o‘qitiladi, o‘zimizga ishga olamiz.

M-25 koni ishga tushishi bilan quvvati 1560 mVt ga teng issiqlik elektr stansiya ham foydalanishga topshiriladi. Konga tutash maydonda esa gazni qayta ishlash zavodi qurilmoqda.

– Yiliga 5 mlrd kubometr gazni qayta ishlab, sifatli gaz va 500 ming tonna oltingugurt yetkazib beramiz, – deydi zavod direktori o‘rinbosari Ilhom Norchayev.

Shunday qilib biz ikki kun davomida haqiqiy Boysun va M-25 gaz koni  bilan bog‘liq manzarani ko‘rdik. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar ko‘p hollarda asliyatga mos emasdi.

– Matbuotda tezkorlik va xolislik asosida voqelikni yoritish lozim. Bunda an’anaviy jurnalistika  nazarimda ortda qolyapti. Jurnalist axborot  tarqatishda  vatanparvar ham bo‘lishi lozim deb hisoblayman, – deydi professor Sherzod Q Qudratxo‘ja.

Shunday fikrni bizga Toshturdi ota ham aytdilar:  

– Qishlog‘imiz sha’niga noo‘rin gaplar yozayotganlarga aytmoqchiman: avval Kofrunga keling, o‘rganing, odamlar bilan gaplashing, shundan keyingina yozing.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/REjN1RudQ60?si=fs27goH7TgTCDT3A" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov,

Elyor Olimov (surat, video), O‘zA muxbirlari