Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boysunda yuechjelar davriga oid yangi topilmalar aniqlandi
08:23 / 2023-05-14

Boysun tumanidagi “Rabot” yodgorligida O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma ekspeditsiyasi arxeolog olimlari, mutaxassislar va yosh tadqiqchilar navbatdagi ilmiy izlanishlarini boshladi.

Unda Xitoyning Shimoli g‘arbiy universiteti Buyuk ipak yo‘li tadqiqot markazi professori Liang Yung boshchiligidagi ekspeditsiya a’zolari, Samarqand arxeologiya instituti, Farg‘ona davlat universiteti olim va talabalari ishtirok etmoqda.

Yodgorlikda olib borilayotgan arxeologik qazish ishlari chog‘ida yuechje davriga oid erkak va ayol suyak qoldiqlari, turli sopol buyumlar, metal va tosh taqinchoqlar, temir pichoqlar topildi. 

O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma ekspeditsiyasi Shimoliy Baqtriya tog‘ etaklarida yashagan ko‘chmanchi aholiga tegishli “Rabot” yodgorligida olib borayotgan qazishma ishlari va dala arxeologik qiduruv jarayonida miloddan avvalgi I asrning ikkinchi yarmi va milodiy II asrning birinchi yarmiga oid qadimiy qabr qo‘rg‘onlarini aniqlagan. Qo‘shma ekspeditsiya a’zolari o‘tmishda Xitoy hududidan Markaziy Osiyoning o‘sha vaqtdagi qadimgi Baqtriya hududiga kirib kelgan yuechje xalqlari hayotini o‘rganmoqda. Xitoylik qadimshunoslarning fikricha, G‘arb manbalari kushonlarni yuechjelarning bir qismi sifatida talqin etadi. Mazkur ekspeditsiya a’zolari bu ma’lumotning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlash uchun qazishma ishlarini amalga oshirmoqda. Chunki, qadimgi manbalarda yuechjelar xunlarning ta’sirida Xitoy hududini tark etib, O‘rta Osiyoga kirib kelgani ham qayd etilgan.

Surxondaryo viloyatining tog‘li Boysun tumani dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo‘lib, muste madaniyatiga mansub neandertal odam makoni bo‘lgan Teshiktosh g‘ori bilan ham jahonga tanilgan. Darband chegara istehkomi va “Temir darvoza” yodgorligi, Machay g‘ori, Qo‘rg‘onzal, Uzundara singari arxeologik yodgorliklari ham dunyo qadimshunoslarida katta qiziqish o‘yg‘otib keladi. 
“Rabot” yodgorligida aniqlangan mazkur topilmalar ham o‘tmishni yanada chuqur o‘rganish va boy tariximizning yangi qirralarini ochishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Hududda qazish–tadqiqot ishlari davom etmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA