Surxondaryo viloyatining xushmanzara Boysun tumanida “Lazzatli Surxon” xalqaro festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Qadimiy viloyatning boy gastronomik turizm salohiyatini keng namoyon etib, milliy pazandachilik an’analari targ‘ib qilinayotgan tadbirda xorijlik va mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan sayyohlar ham ishtirok etmoqda.


Erta tongdan “Boysun bahori” turizm majmuasida Termiz shahri va tumanlar ajratilgan pavilonlarda milliy taomlar namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari va suvenirlar ko‘rgazmasi, “Uzum sayli”, “Olma sayli”, “Anor sayli” kabi an’anaviy ko‘rgazmalar tashkil etildi. Taniqli baxshilar ijrosidagi terma va dostonlar kuylanib, folklor jamoalarning qiziqarli dasturlari, milliy etnik o‘yinlar namoyish etildi.
Tadbirda “Eng yaxshi milliy taom”, “Eng yaxshi oshpaz”, “Eng faol hudud” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.



Festival qo‘shni davlatlar va Toshkent shahridan kelgan hamda mahalliy san’atkorlar ijrosidagi gala-konsert bilan yakunlanadi.
Festival haqidagi maqola bilan batafsil tanishish uchun O‘zAni kuzatib boring.



Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri