Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “D3 FARM” mas’uliyati cheklangan jamiyati davlat xususiy sheriklik asosida Ariqusti mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi, sport kompleksi, umumiy ovqatlanish, savdo nuqtalari va o‘quv markazidan iborat zamonaviy yangi binoni foydalanishga topshirdi.
Hududiy investitsiya dasturi doirasida barpo etilgan yangi inshootni qurib, jihozlash uchun tijorat bankining 1 milliard 150 million so‘m imtiyozli krediti va 850 million so‘m tadbirkorning o‘z mablag‘i sarflandi. “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida mahalla ahliga tuhfa qilingan binoda mahalla fuqarolar yig‘ini uchun keng, shinam xonalar bunyod etilgan. Bu yerda mutasaddilarning aholini qabul qilishi va xodimlarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha qulaylik mavjud. Yoshlarni jismonan chiniqtirish, ularning darsdan bo‘sh vaqtlarida qo‘shimcha saboq olib, bilimini oshirishi uchun xizmat qiladigan sport kompleksi va o‘quv markazi zamonaviy usulda jihozlangan.


Umumiy ovqatlanish shoxobchasi va savdo nuqtalari mahalla ahli hamda mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatadi. Binoning ochilish marosimida ishtirok etgan sektorlar rahbarlari, mahalla faollari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri