Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Unga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan “M-25” koni hududida tarkibida neft saqlovchi suyuqlikning yer yuzasiga chiqishi holati aniqlangan. Hodisa qayd etilganidan so‘ng neft suyuqligining atrof-muhitga tarqalishini cheklash maqsadida tezkor chora-tadbirlar ko‘rilgan.
Jumladan, kon hududi atrofida hamda soy o‘zani bo‘ylab qo‘shimcha himoya hovuzlari tashkil etildi. Yig‘ib olinayotgan neft suyuqligi uzluksiz ravishda maxsus ajratilgan maydonga olib chiqilmoqda. Ushbu maydonda har biri 5 ming metr kub hajmga ega bo‘lgan, maxsus izolyatsiyalangan ikkita shlam hovuzi mavjud bo‘lib, ular neft suyuqligini xavfsiz saqlash hamda keyinchalik undan samarali foydalanish imkonini beradi.
Barcha ishlar amaldagi sanoat va ekologik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilgan holda amalga oshirilmoqda. Ayni paytda neft suyuqligi namunalari olinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazilmoqda. Tahlil natijalari asosida uni qayta ishlash imkoniyatlari o‘rganiladi, shuningdek, geologik tadqiqot ishlari ham davom ettirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda holat doimiy monitoring qilinib, neft suyuqligi chiqishi jilovlangan. Dastlabki kunlarda kanalga oqib chiqqan neft suyuqliklarini tozalash ishlari olib borilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA