Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boysun mahallalari Omonxona tajribasi asosida obodonlashtiriladi
14:50 / 2025-07-17

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Omonxona mahallasida tumandagi mahallalar “yettiligi” va sohaga aloqador tashkilotlar rahbarlari ishtirokida aholi turmush darajasini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirib, ishsizlikni kamaytirish, hududlarning infratuzilmasini yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

So‘lim tog‘lar qo‘ynidagi tumanda 39 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Ayni paytda Omonxona mahallasida namunaviy tarzda qishloq qiyofasi tubdan o‘zgartirilib, infratuzilmasi yangilanmoqda. Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirib, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlar bilan maqsadli ishlash, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Tadbirda tuman hokimi Bahodir Shukurov Omonxona tajribasining aholi turmush darajasini yuksaltirib, ularning hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilishi haqida atroflicha so‘z yuritdi. Tumanni har taraflama rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning samaralari to‘g‘risida fikr almashdi. Omonxona tajribasi asosida barcha hududlarni obodonlashtirish, ta’mirlash, qishloq joylardagi infratuzilmani tubdan yaxshilash uchun namunaviy loyihalarni joriy etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr ta’minotini yaxshilash, ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash, ariq va zovurlarni tozalash, suv tarmoqlarini betonlashtirish kabi yo‘nalishlarda aniq vazifalar belgilab olindi. 

Seminar doirasida ishtirokchilar o‘zining shifobaxsh suvi bilan dunyoga tanilgan mahallada olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri