French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Boysun bahori”ning xalqaro ko‘rik-tanlovi g‘oliblari
23:10 / 2024-05-03

Surxondaryo viloyatining xushmanzara Boysun tumanida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro ko‘rik-tanlovda dunyoning 13 davlati jamoasi va yakkaxon xonandasi, mamlakatimizning 15 ta folklor-etnografik ansambli o‘z mahoratini keng namoyish etdi. Ularning chiqishlarini xalqaro hakamlar hay’ati ochiq, oshkora baholadi. Ko‘rik-tanlovning folklor san’ati yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. 

Tanlov yakunida birinchi o‘rin Surxondaryo viloyatidagi “Boysun” folklor-etnografik ansambli jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa Buxoro viloyatidagi “Jondor” folklor-etnografik, Samarqand viloyatidagi “Chavqi” folklor etnografik ansambllari munosib topildi. Uchinchi o‘rinni Xorazm viloyatining “Xorazm” folklor-etnografik ansambli, Qozag‘iston Respublikasining “Qozog‘iston” jamoasi va Yaponiyaning “Yapon marvaridi” jamoalari qo‘lga kiritdi.

Xalqaro ko‘rik-tanlovning “Folklor namunalarining eng yaxshi talqini uchun” nominatsiyasida Namangan viloyatining “Yallama-yorim” folklor-etnografik ansambli, “Turli xalqlar folklor namunalarini mujassamlashtirgan jamoa uchun” yo‘nalishida belgiyalik jamoa, “An’anaviy musiqaning milliy cholg‘ulardagi eng yaxshi talqini uchun" nominatsiyasida Buyuk Britaniyalik jamoa va “Milliy folklor qo‘shiqlarining eng yaxshi sahnaviy talqini uchun” yo‘nalishida Qirg‘iziston Respublikasining “Qirg‘iziston” jamoalari, “Milliy an’analarning targ‘iboti uchun” nominatsiyasida Navoiy viloyatining “Yor-yor” folklor-etnografik xalq ansambli g‘olib bo‘ldi. 

Shuningdek, milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishida Toshkent viloyatining “Ko‘zmunchoq” jamoasi birinchi, Jizzax viloyatining “Besh tosh”, Qoraqlpog‘iston Respublikasining “Meros” bolalar jamoasi ikkinchi, Tojikiston Respublikasining “Qoratog‘”, Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari”, Belarus Respublikasining “Yaritsa” xalq jamoasi uchinchi o‘rinlar bilan taqdirlandi. 

Tanlovning “Eng noyob xalq tomoshasi uchun”, “Milliy urf-odatlarning eng yaxshi talqini uchun”, “Eng ahil jamoa uchun” “Voha folklori va tomosha san’atining targ‘ibotchisi”, “Folklor va tomosha san’atining eng yaxshi targ‘ibotchisi” kabi nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar ham munosib rag‘batlantirildi. G‘olib va sovrindorlarga maxsus diplom, xalqaro festival statuetkasi, pul mukofotlari tantanali topshiriladi. 
Tantanali marosim el suygan san’atkorlar ishtirokidagi galakonsert bilan yakunlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri