Joriy yilning may oyida Boysun tumanida bo‘lib o‘tadigan “Boysun bahori“ xalqaro folklor festivaliga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Sayyoramiz folklor-etnografik san’ati ijrochilari hamda folklorshunoslarini, muxlislarni ikki yilda bir marta ko‘xna va go‘zal Boysun tumanida jamlaydigan festival o‘tkaziladigan Bibishirin mahallasida zamonaviy turizm majmuasi qad rostlamoqda. Ayni paytda bu yerdagi barcha inshootlarda qurilish ishlari uyushqoqlik bilan davom etayotir. Xorijlik va mahalliy sayyohlarga turli xizmatlar ko‘rsatish nuqtalari barpo etilmoqda. Termiz shahri, tumanlar va viloyat tashkilot, korxona, muassaslariga ajratilgan qo‘rg‘onlarda ham yirik hajmdagi bunyodkorlik-obodonlashtirish yumushlari olib borilib, piyodalar yo‘lakchalari va boshqa infratuzilma inshootlarida so‘nggi qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. O‘tov uylar o‘rnatilib, milliy qadriyatlarimizga mos jihozlanayotir.



Bu yil festivalda jahonning ko‘plab davlatlari vakillari milliy va dunyo folklor-etnografik san’ati bilan yaqindan tanishish, qadimiy va hamisha navqiron Surxon vohasining maftunkor tabiati, olis o‘tmishdan so‘zlaydigan arxeologik yodgorliklari, noyob tarixiy obidalarini tomosha qilish istagini bildirmoqda. Shunga muvofiq nafaqat festival o‘tadigan Boysun tumani, balki Surxondaryo viloyatining barcha hududlarida mehmonlarni yuksak saviyada qarshi olib, ularga sifatli xizmatlar ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratish belgilab olingan.


Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kungacha dunyoning o‘n beshdan ortiq mamlakatidan mashhur folklor jamoalari ishtirok etish istagini bildirgan. Xalqaro festival ko‘rik-tanlovida qatnashish uchun chet davlatlardagi folklor jamoalaridan takliflar kelishi davom etmoqda.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri