Bu haqda O‘zAga xabar bergan Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘p ming yillik tarixga ega folklor-etnografik san’atimiz va milliy qadriyatlarimiz keng tarannum etiladigan festival joriy yilning 7-8 may kunlari Boysun tumanidagi xushmanzara Padang qishlog‘ida bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar xalqaro folklor festivalni yuksak saviyada o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 7 fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq o‘tkaziladigan festivalda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan folklor jamoalarining 200 dan ortiq vakili o‘z hududlariga xos qadimiy kuy-qo‘shiq va liboslarini namoyish etadi. Shuningdek, nufuzli festival ko‘rik-tanlovida qator xorijiy davlatlarning folklor san’ati ustalari, soha mutaxassislari ham qatnashishi kutilmoqda.
Maftunkor tog‘lar qo‘ynida bo‘lib o‘tadigan shodiyona doirasida milliy kurash musobaqasi, etnosport, uloq-ko‘pkari, varrak uchirish, arqon tortish, chillak va boshqa xalq o‘yinlari hamda velomarofon musobaqasi tashkil etiladi.
Festival yakunida eng yaxshi folklor-etnografik va eng yaxshi o‘tov-uy o‘rnatgan jamoalar, sport va xalq o‘yinlari g‘oliblari munosib taqdirlanadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri