Germaniya poytaxtida nashr etiladigan “Stimme der Hauptstadt” gazetasi saytida “Boysun bahori” festivali haqida maqola e’lon qilindi. Bu haqda Germaniyadagi elchixonamiz ma’lum qilgan.
Muallif Folker Nef yozishicha, joriy yil 2-7-may kunlari O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Bibishirin” sayyohlik majmuasida o‘tkazilgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali haqli ravishda mintaqadagi eng yirik madaniy tadbirlar qatoridan o‘rin olgani e’tiborga loyiq. Anjuman nafaqat mahalliy madaniy an’analarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga xizmat qilmoqda, balki xalqaro miqyosda madaniyatlararo muloqot uchun qulay maydonga ham aylanib boryapti. Mazkur festival, ayniqsa, o‘ziga xos madaniy merosni asrab-avaylash dolzarb ahamiyat kasb etayotgan bugungi globallashgan dunyo sharoitida o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Festivalning yana bir e’tiborli jihati UNESCO tomonidan e’tirof etilishidir, – deb yozadi Folker Nef. – Anjuman xalqlar o‘rtasida tinchlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga ham beqiyos hissa qo‘shyapti. “Boysun bahori” ko‘plab mamlakatlar e’tiborini tortdi. UNESCO vakillari ham tadbirning xalqaro ahamiyati oshib borayotgani va tobora keng ko‘lam kasb etayotgani e’tirof etilayotganini ta’kidlamoqda. Ular dasturda milliy madaniy xilma-xillikka, san’at va hunarmandlik namunalariga, arqon tortish, varrak uchirish, tosh ko‘tarish, kurash kabi milliy sport o‘yinlariga keng o‘rin berilgani, turli xalq va millatlar folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari chiqishlarida jaranglagan kuy-qo‘shiq, o‘lan-laparlar barchada unutilmas taassurot qoldirganini qayd etishmoqda. Mazkur xalqaro san’at bayrami nafaqat madaniy qadriyatlarni asrash, balki sayyohlarni jalb etish va infratuzilmani rivojlantirish orqali mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishga ham hissa qo‘shadi.
Umuman, festival turli mamlakatlar, xalqlar o‘rtasida bilim va tajriba almashish platformasiga aylanib ulgurgan. Ushbu xalqaro tadbir madaniyatning insonlar, ellarni birlashtiruvchi vosita sifatidagi rolini, madaniyatlar xilma-xilligini chuqurroq anglash va hurmat qilishni rag‘batlantirishga bo‘lgan intilishning yorqin misolidir.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA