Milliy o‘zligimiz, nafis san’atimiz, boy qadriyatlarimiz keng namoyish etilayotgan do‘stlik, go‘zallik va san’at bayramida dunyoning 40 dan ortiq davlatidan sayyohlar, folklorshunoslar, san’at va madaniyat vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etib, boy taassurotlarga ega bo‘lmoqda.
Boy nomoddiy madaniy merosga ega mamlakatimizda milliy an’ana va noyob urf-odatlarimizni yanada chuqur o‘rganib, yosh avlod qalbiga singdirishga, yoshlarni teran ildizi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida ulg‘aytirish, nafis folklor san’atimiz va milliy xalq o‘yinlarimiz, o‘tmishdagi boy tariximizga barchani yagona ulug‘ maqsad yo‘lida birlashtiradigan milliy qadriyat sifatida qarayotganimiz katta qiziqish uyg‘otayotir.


Janubdagi qadimiy viloyatning boy o‘tmishi va bugunini o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmalar, Termiz shahri, tumanlar, tashkilot, korxona va ta’lim muassasalari qo‘rg‘onlari, ayniqsa, xorijlik mehmonlarga o‘zgacha zavq-u shavq ulashib, so‘lim Boysun tumanining go‘zal tabiat qo‘yni va tarixiy obidalariga uyushtirilayotgan sayohatlar hayratini oshirmoqda.
Kecha festival doirasida turizm majmuasida milliy hunarmandchilik, milliy taomlar ko‘rgazmalari, havo sharlari namoyishi o‘tkazildi. Vohaning tuman va shahar qo‘rg‘onlarida folklor jamoalari namoyish etgan musiqiy dasturlar, milliy kurash musobaqasi, maftunkor tabiat qo‘yni va boshqa diqqatga sazovor joylarga sayohat, xalqaro ko‘rik-tanlov qatnashchilarini taqdirlash marosimi, estradamiz yulduzlari va folklor-etnografik jamoalarning gala-konserti festivalga o‘zgacha shukuh ulashdi.


—Festival ana u Padang kengliklarida o‘tkazilganida kelganman,--deydi Buyuk Britaniyalik sozanda Fariborz Kiannejad. —Ochig‘i bunday manzarani uchratmagandim. Hayratdaman. Ikki yilda shuncha o‘zgarish. Aqlga sig‘maydigan hodisa. Mo‘jiza yuz bergandek, go‘yo. Men juda xursandman. Ayniqsa, sahnada ajoyib sozandalar bilan kuy ijro etish men uchun yaxshigina tajriba bo‘ldi. Bu ketishda “Boysun bahori”ning qamrovi ortib boraveradi. Dunyoga yanada mashhur bo‘ladi. Festival ham, undagi chiqishlar, namoyishlar, kuy-qo‘shiq va raqslar ham noyob. Jahonda bunday festivallar juda kam va bitta tilagim mana shu qadriyatlar tarannum etilayotgan xalqaro festival juda uzoq yashasin.


—Boysun bahori” menga juda yoqdi, - deydi yaponiyalik Natsumi Shida. —Milliy hunarmandlik, bir-biridan mazali turli taomlar, odamlarning mehmondo‘st va mehribonligidan zavqlandim. Tabiat juda go‘zal. Tarixiy yodgorliklar ham taassurotlarimni yanada boyitdi.
Xalqaro festival bugun milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari, tuman va shahar folklor jamoalarining o‘z qo‘rg‘onlarida musiqiy dasturlari, milliy kurash musobaqalari va boshqa madaniy tadbirlar bilan davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri