Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imi samarali tashkil etildi. Davlat ehtiyojlari uchun belgilangan shartnomaviy reja 100,6 foizga bajarilib, 11 500 gektar maydondan 36 ming tonna sara don davlat g‘alla punktlariga topshirildi.
Tumanda g‘alla yetishtirish va yig‘im-terim ishlari davomida agrotexnik talablarga qat’iy amal qilindi, iqlim sharoitiga mos, ertapishar va yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan navlar yetishtirildi. Bu esa hosildorlikni oshirishga xizmat qildi — ayrim fermer xo‘jaliklarida har gektardan 80–90 sentnergacha don olindi.

Hosildorlik ko‘rsatkichlari va mehnat samaradorligi bilan ajralib turgan “Majoz Boyovut samarasi”, “Usmonov O‘tkirbek”, “Agro innovatsiya”, “Otamurod To‘rayev”, “Zukko ziya lochin” va “Ahmadiy” fermer xo‘jaliklari tumanda umumiy xirmonga munosib hissa qo‘shdilar.
Tuman hokimi Dilfuza O‘rolova g‘alla yig‘im-terimi bo‘yicha erishilgan natijalar yuzasidan quyidagilarni ta’kidladi:

— Boyovutlik fermer va dehqonlar har bir gektar yerga egalik hissi bilan yondashib, zamonaviy agrotexnologiyalar, sifatli urug‘lik, suv va o‘g‘itlardan samarali foydalanish orqali yuqori natijalarga erishmoqda. Bugungi yutuqlar — mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning, fermerlar mehnati va mas’uliyatining amaliy samarasidir.
Joriy mavsumda o‘tkazilgan o‘rim-terim jarayonlarida texnika vositalarining o‘z vaqtida jalb etilishi, hosilni talafotsiz yig‘ib olish, don sifatini saqlash va tezkor logistika yo‘nalishlari tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, har bir fermer xo‘jaligiga agronom va texnika mutaxassislari biriktirilib, joyida metodik yordam ko‘rsatildi.

Boyovutlik g‘allakorlarning mazkur yutuqlari nafaqat tuman iqtisodiyotini, balki viloyat va mamlakat miqyosida don xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu samarali faoliyat kelgusida ham qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishga xizmat qilishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri