Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boyovutlik fuqaro endi xasta emas
19:02 / 2023-01-31

Boyovutlik Bahodir To‘lqinovni bir necha yildan buyon yurak bilan bog‘liq o‘zgarishlar qiynab kelayotgandi. Oldiniga tinchlantiruvchi dori-darmonlardan foydalanib ko‘rdi. Ammo ular ham naf bermay qo‘ydi.

Shundan so‘ng, mutaxassislar maslahati, yaqinlari ko‘magi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialiga murojaat etdi.

Kardiologlar, endovaskulyar xirurglar ko‘rigidan o‘tgach, unga yurak ishemik kasalligi, nostabil stenokardiya tashxisi qo‘yildi.

Buning birdan-bir davosi stent qo‘yish, ushbu turdagi amaliyot o‘tkazilishi zarur edi.

O‘ylab, imkoniyatini chamalab ko‘rdi, bo‘lmadi. Katta xarajat talab etganligi bois, yordam so‘rab tuman hokimligiga murojaat qildi.

Uning murojaati javobsiz qolmadi. Jamoat fondlari hisobidan yordam ko‘rsatilgach, sirdaryolik endovaskulyar xirurglar tomonidan yurak koronar qon-tomiri bilan bog‘liq, koronarografiya amaliyoti o‘tkazilib, tomiriga ikki dona stent qo‘yildi.

— Shunga ham bir yildan oshdi, —deydi Bahodir To‘lqinov. — Hozir uchinchi bor stent qo‘ydirish uchun kelganman. Bu gal xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplanadigan bo‘ldi.

Sirdaryolik endovaskulyar xirurglar Xurshid Hakimov, O‘tkir Shodiyev, Bekzod Mardonov ustozlari Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, professor Xurshid Fozilov boshchiligida ushbu amaliyotni muvaffaqiyatli o‘tkazdi.

Hozirda bemor ahvoli yaxshi. Sog‘-salomat. Endi u intensiv davolash bo‘limida shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olmoqda.

— Bu turdagi amaliyotlarning Sirdaryoda yo‘lga qo‘yilishi, yurak koronar qon-tomiri bilan bog‘liq muammolari bor bemorlar uchun ahamiyatli bo‘ldi, — deydi professor Xurshid Fozilov. — Ilgarilari bu turdagi amaliyot uchun sirdaryolik bemorlar Hindiston, Toshkentga borishar edi. Endi bunga hojat qolmadi. Chunki, o‘tgan bir yil davomida Sirdaryoda o‘tkazilgan ushbu turdagi amaliyotlarning barchasi, ijobiy yakun topdi. Bunda sirdaryolik endovaskulyar xirurglarning hissasi katta. Ularga poytaxtdan, qolaversa Rossiyadan orttirilgan tajriba katta yordam berdi.

Sirdaryolik shifokorlar tomonidan yurak tug‘ma nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarda Respublika milliy bolalar markazi endovaskulyar xirurglari yordami bilan okklyuder qo‘yish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Bu esa, yurak tug‘ma nuqsoni bor bolalar sog‘ligini tiklash, yurakdagi nuqsonni bartaraf etish imkonini bermoqda.

Ma’lumot uchun, sirdaryolik shifokorlar tomonidan o‘tgan yilda 856 nafar bemorda koronarografiya tekshiruvi, 324 bemorda koronar arteriyalarda stentlash, 2 nafar bemorda EFT va RTA amaliyoti, 3 nafar bemorda elektrokardiostimulyator o‘rnatish amaliyoti, 5 nafar bemorda kam uchraydigan yurak tug‘ma nuqsoniga okklyuder qo‘yish, 22 nafar bemorda shuntografiya, 3 nafar bemorda ventrikulografiya va boshqa yuqori texnologik amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarilgan.

Shuhrat Suyarov, O‘zA