English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boyovutda yo‘l infratuzilmasi yaxshilanmoqda
18:11 / 2026-02-10

Yo‘llarsiz hayotni tasavvur etish qiyin. Ular bir manzildan ikkinchi manzilga tinch va xavfsiz yetib borishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, o‘tgan 2025 yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida aholi uchun qulay va xavfsiz yo‘l infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, tuman hududida umumfoydalanishdagi 310 dona yo‘l belgisi yangilanib, 103 kilometr masofada yo‘l yotiq chiziqlari chizildi. Shuningdek, 3 kilometr yo‘l to‘siqlari o‘rnatilib, transport oqimi yuqori bo‘lgan 4 ta chorraha zamonaviy svetoforlar bilan jihozlandi.

Jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 12 ta zamonaviy avtobus bekati o‘rnatilib, yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz shart-sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, 8 kilometr masofada ichki yo‘llarga to‘liq asfalt-beton qoplamasi yotqizilib, yo‘llarning o‘tkazuvchanligi va sifat ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilandi.

Yo‘l bo‘yi hududlarini obodonlashtirish ishlari ham kompleks tarzda olib borildi. Estetik ko‘rinishni yaxshilash, qulay shahar muhitini shakllantirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida 18 kilometr masofada 62 ming dona daraxt ko‘chatlari ekildi.

– Yo‘llarning texnik holati avtomatlashtirilgan diagnostika tizimi orqali o‘rganilib, eng muammoli uchastkalarni bartaraf etish bo‘yicha aniq “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. Shu asosda yo‘llar holati qizil, sariq va yashil hududlarga ajratildi. Bu esa mablag‘ va kuchlarni eng zarur nuqtalarga maqsadli yo‘naltirish imkonini bermoqda, –  deydi tuman hokimi o‘rinbosari Komiljon Abdaliyev.

Tuman hokimligida tuman hokimi Niyoz Hazratqulov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Unda aholi uchun yanada qulay muhit yaratish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yilda Boyovut tumanida 271 dona yo‘l belgisini yangilash, 163 kilometr yo‘llarda yotiq chiziqlar chizish, 5 kilometr yo‘l to‘siqlari o‘rnatish hamda 2 ta chorrahani svetoforlar bilan jihozlash rejalashtirilgan. Shuningdek, 20 kilometr masofada asfalt-beton qoplamasi yotqizish, 8 ta zamonaviy avtobus bekatini o‘rnatish va 60 ming dona daraxt ko‘chatlari ekish ko‘zda tutilgan.

– Aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish yo‘lida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash hamda hududlarni obodonlashtirish ishlari aniq reja va tizimli yondashuv asosida davom ettiriladi, –  deya qo‘shimcha qildi hokim o‘rinbosari.

E’tiborli jihati shundaki, ushbu ishlardan nafaqat tuman aholisi, balki Boyovut hududidan o‘tayotgan yoki turli maqsadlarda kelib-ketayotgan yo‘lovchilar ham mamnun. Zero, yo‘llar faqat manzillarni bog‘lovchi vosita emas, balki iqtisodiyotning muhim qon tomiri hisoblanadi. Shu bois mazkur yo‘nalish tuman mas’ullarining doimiy e’tiborida qolmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri