Mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami munosabati bilan Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi "O‘zbekiston" mahallasida 34-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Maktabgacha ta’lim muassasasining ochilish marosimida Boyovut tumani hokimi, senator Dilfuza Uralova, soha xodimlari, nuroniylar, mahalliy aholi vakillari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari zamonaviy binoda bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
180 o‘rinli muassasaning loyiha qiymati 4 milliard 200 million so‘mni tashkil etdi. Bu yerda 8 ta guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiyasi uchun zarur barcha sharoit yaratilib, o‘yin maydonchalari, mashg‘ulot xonalari, oshxona, musiqa zallari zamonaviy jihozlandi.
Ma’lumot o‘rnida, tumanda 145 ta, jumladan, 37 ta davlat va 108 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularga jami 8669 nafar o‘g‘il-qiz jalb etilgan.
– Mahallamizda yangi barpo bo‘lgan muhtasham bolalar bog‘chasi chin ma’noda bolalarimiz, ota-onalarimiz uchun mustaqilligimizning 32 yillik bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi, – deydi mahalla faoli S. Halimova. – Bunday g‘amxo‘rlik uchun hukumatimizdan, Prezidentimizdan minnatdormiz.
Sh.Suyarov, O‘zA