Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boyovutda ta’lim va tabiat uyg‘unligi yaratildi
11:54 / 2025-10-24

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi 19-umumta’lim maktabi nafaqat tumanda, balki viloyatda ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yaratilgan ekologik muhiti, zamonaviy infratuzilmasi va ta’lim-tarbiyadagi yutuqlari bilan ajralib turadi.

Bugun bu dargoh nafaqat o‘quvchilar, balki mahalliy aholi uchun ham sog‘lom muhit va fidoyilik namunasiga aylangan.

Maktab hududidagi 1,5 gektar maydon to‘liq ko‘kalamzorlashtirilgan. Archaning turli navlari, mevali daraxtlar va turfa gullar baravj o‘smoqda. Ilgari tashlandiq bo‘lgan bu yer hozirda go‘yo kichik o‘rmonni eslatadi. Toza havo, musaffo muhit va soya-salqin bog‘ maktabda ta’lim oluvchi bolalar hamda mahalla aholisining sevimli maskani desa ham bo‘ladi.

Bu yangilanish va bunyodkorlik ishlari maktab direktori, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Muharram Hasanova tashabbusi bilan amalga oshirilgan. 40 yildan ortiq pedagogik tajribaga ega ustoz rahbarlikka kelgach, ta’lim muassasasida muqobil energiya tizimi joriy etildi, issiqlik nasoslari o‘rnatildi va sinf xonalari yangilandi.

– Bilasizmi, – deydi Muharram Hasanova. – Tabiatga bo‘lgan qiziqishim tufayli uch yil muqaddam maktab bog‘iga o‘quvchilar yordamida 3 ming dona achchiq o‘rik danagini ekdik. Keyin ta’til kunlaridan birida Farg‘ona viloyatining Quva tumaniga borib, tajribali bog‘bonlardan parvarish sirlarini o‘rgandim. Shirin o‘rik kurtaklarini olib kelib, o‘quvchilar bilan birga payvandlash ishlarini amalga oshirdik. Bu nafaqat biz, balki o‘quvchilar uchun ham katta hayotiy tajriba bo‘ldi.

– Asosiysi, ekkan danaklarimiz ko‘chatga, payvanddan so‘ng esa shirin meva beruvchi daraxtga aylandi. O‘quvchilarimizning xursandchiligi chegarasiz edi. O‘riklar qiyg‘os gullab, keyin mevalar g‘arq pishganda ularning quvonchi chegara bilmasdi. O‘z qo‘llarimiz bilan parvarishlab, payvand qilgan daraxtlarimizdan meva uzib yegan chog‘larimizda qilgan mehnatlarimiz samara berganiga guvoh bo‘ldik.

Ayni paytda maktab bog‘idagi ko‘chatxonada nafaqat o‘rik ko‘chatlari, balki archaning 20 dan ortiq navi, shuningdek polviniya va yasen, Yapon sporasi, lola daraxti ko‘chatlari ham parvarishlanmoqda. Bu nafaqat bog‘ ko‘rkamligini ta’minlaydi, balki “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish va yangi bog‘lar barpo etish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.

19-maktabdagi bu “yashil mehnat” nafaqat ta’lim va tarbiyani uyg‘unlashtirdi, balki bolalarda tabiatga ehtirom, mehr va javobgarlik hissini ham kuchaytirdi. Bugun maktab atrofi quyuq boqqa aylangan — havo musaffo va so‘lim. Bu yer mahalliy aholi uchun ham dam olish va sog‘lomlashish maskaniga aylandi.

E’tiborli jihati shundaki, maktab ko‘chatxonasida yetishtirilayotgan va “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekuvchi tashkilotlarga yetkazib berilayotgan nihollar tufayli maktab hisob raqamiga tushayotgan mablag‘lar nafaqat maktabning ta’miri, jihoz va o‘quv qurollari xaridlari uchun, balki o‘quvchilarni rag‘batlantirishga ham yo‘naltirilmoqda. Bu esa o‘quvchilarda o‘qish va tabiatga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirib, ularni fidoyilik va mehnatga undamoqda.

Boyovutdagi ushbu maktab tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, agar har bir tashkilot va muassasa o‘z hududini shunday yashil maydonga aylantira olsa, chang-to‘zon va havo ifloslanishi kabi muammolar keskin kamayadi. Tabiat va ta’lim uyg‘unligi esa inson ongida ezgulik urug‘ini bardavom o‘sishiga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA