Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ta’kidlandi.
Ekin yerlarida suv ta’minotini yaxshilash uchun kelasi yil Boyovutda sig‘imi 100 million kub metr bo‘lgan «Sultonhovuz» suv omborining qurilishi boshlanadi.
Bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga 2 marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.
Yerlarning meliorativ holatini saqlab turish uchun viloyatdagi 16 ming kilometr zovurlarni bosqichma-bosqich tozalash vazifasi qo‘yildi.
Viloyatdagi 200 ming gektarga yaqin ekin yerlari kuchli va o‘rta darajada sho‘rlangan. Sho‘rlangan yerlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha pilot loyihani Sirdaryoda sinovdan o‘tkazib, natijasiga qarab, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Mutasaddilarga suv hisobini yuritish bo‘yicha Sirdaryoni namunali hududga aylantirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zA