Boyovut tumanidagi “O‘rol O‘zbek” fermer xo‘jaligining rahbari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulov o‘zining 10 gektarlik bog‘ini O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev nomi bilan atadi.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan bog‘ning ochilish tadbiriga Toshkentdan bir guruh yozuvchilar va olimlar tashrif buyurdi. “Tafakkur” jurnalining bosh muharriri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, adibning qizi, filologiya fanlari doktori Sayyora Xolmirzayeva, taniqli adiblar Abduqayum Yo‘ldosh, Zulfiya Qurolboy qizi, Shodmonqul Salom, filologiya fanlari doktori Marhabo Qo‘chqorova va boshqalar sirdaryoliklarning aziz mehmoni bo‘ldi.

Tumandagi chet tillarini o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan maktab bog‘ida kitobxonlar bilan uchrashuv bo‘ldi. O‘ziga xos adabiyot bayramini professor Qozoqboy Yo‘ldosh olib bordi.
– Sirdaryo zamini To‘ra Sulaymon va Halima Xudoyberdiyevadek ikki buyuk shoirni yetishtirib berdi, – dedi Usmon Azim. – Halima Xudoyberdiyeva bilan universitetda bir kursda tahsil olganmiz. She’riyati juda baland edi. Kattaqo‘rg‘onga uchrashuvga borganimizda zal to‘la she’riyat ishqibozlari “Muqaddas ayol” she’rini baralla birga jo‘r bo‘lib aytganida shoira iqtidoriga ta’zim qilganman. Shukur Xolmirzayevga kelsak, Surxondan chiqqan barcha ijodkorlarning ustozi bo‘lganligini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q. Biz Shukur akadan ishonarli, hayotiy yozish sirlarini o‘rganganmiz.

– Usmonjon Halima Xudoyberdiyeva haqida haq gapni aytdilar, – deya so‘zini boshladi Erkin A’zam. – Adib va jurnalist do‘stimiz Aliqul Xonimqulov o‘z bog‘ini Shukur Xolmirzayev nomi bilan atashni anchadan beri aytib yurgan edi. Bu sevimli adibimizga bo‘lgan yuksak hurmatdan nishona. Shukur aka tug‘ilib voyaga yetgan Surxonda hali unga bog‘ yaratilmagan. Menga qolsa, bog‘ni “Ixlos” deb nomlagan bo‘lardim.

Boyovut tumani hokimi, Senat a’zosi Dilfuza O‘rolova tadbirda hozir bo‘lgan barchani adabiyot bayrami bilan qizg‘in qutladi. Uchrashuv qizg‘in mushoira bilan yanada fayzli bo‘ldi. Shoirlar Hayot Shodmon, Dilmurod Do‘st, Shodmonqul Salom va boshqalar otashin she’rlari bilan adabiyot va she’riyat ixlosmandlarini quvontirdi. So‘nggra tadbir ishtirokchilari “O‘rol O‘zbek” fermer xo‘jaligi bog‘iga yo‘l oldilar. Mezon shamolini yeb shira bog‘lagan olmalardan tanovul qilishdi.

– Adabiyot chegara bilmaydi, – dedi bog‘ sohibi Aliqul Xonimqulov. – Yaxshi adib Surxondan yetishib chiqadimi, Sirdaryodanmi, hurmatini joyiga qo‘yishimiz kerak. Ana shunda yaxshi ijodkorlarning qadriga yetgan bo‘lamiz.

Shuhrat Suyarov, O‘zA