Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boyovutda Navro‘z keng nishonlandi
14:34 / 2024-03-25

Bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi Navro‘zi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun go‘zal an’ana hisoblanadi.

Boyovut tumanidagi barcha maskan va mahallalarda ham bahor tarovati kezgan Navro‘z bayrami munosabati bilan xalq sayillari, bayram tadbirlari tashkil etilib, yasharish va yangilanish fasli keng tantana qilindi.

[gallery-16637]

Kuni kecha tuman markazidagi “Yurt bayrog‘i” maydonida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida o‘tkazilgan xalq sayillari va bayram tadbiri ham barchaga shodlik bag‘ishladi.  

Milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar namoyishi, milliy o‘yinlar musobaqalari, xalq amaliy san’ati namunalari va turli tanlovlar yurtimizdagi osudalik, farovonlik, to‘kinlik hamda fayz-u barakaning ifodasi bo‘ldi.  

Bayram tadbirini Boyovut tumani hokimi, senator Dilfuza Uralova kirish so‘zi bilan ochib, barchani qutlug‘ ayyom bilan tabriklab, sharqona yil boshi barcha sohalar uchun qut-barakali bo‘lishini tiladi.  

Ming yillar davomida ma’naviy hayotimizning ko‘rki bo‘lib kelayotgan bu ajoyib bayram bu yil muqaddas Ramazon oyida nishonlanayotganligi, tumanning barcha go‘shalarida ezgu amallar bayramga yanada fayz va shukuh bag‘ishlayotganligi ta’kidlandi.  

Bayram sahnasida namoyish etilgan raqslar, jajji bolajonlar, el ardog‘idagi san’atkorlarning taronalari va shou dasturlari barchada unutilmas taassurotlar qoldirib, ishtirokchilarda chinakam bayramona kayfiyat uyg‘otdi.  

Sh.Suyarov,

O‘zA muxbiri