Boyovut tumani aholisi yurtimizda nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yillik bayramini tantanali ruhda qarshi olishmoqda. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan g‘oya asosida o‘tgan tadbirlar boyovutliklar qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Tuman markazidagi “Yurt bayrog‘i” maydonida bo‘lib o‘tgan asosiy bayram tantanasida tuman hokimi Dilfuza O‘rolova so‘zga chiqib, mustaqillik yillarida mamlakatimizda, jumladan, Boyovut tumanida sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish va ijtimoiy sohalarda erishilayotgan yutuqlar aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
[gallery-24960]
Qishloq xo‘jaligidagi natijalar alohida qayd etildi. Joriy yil 12,7 ming gektar maydonga ekilgan bug‘doydan rejadan ortiq hosil olindi. Shuningdek, 10 ming gektarda chigit, 1,6 ming gektarda sabzavot, 1,1 ming gektarda poliz, 300 gektarda kartoshka, 650 gektarda dukkakli, 1 289 gektarda moyli ekinlar, 1 150 gektarda sholi va 2,8 ming gektarda ozuqa ekinlari parvarish qilinmoqda. Prezident qarorlari asosida 3 024 ta dehqon xo‘jaligiga yer maydonlari ajratildi, yiliga ikki-uch marotaba hosil yetishtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa qo‘shimcha 51,2 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarish imkonini berib, aholi dasturxoni to‘kinligiga xizmat qilmoqda.
Infratuzilmada ham muhim ishlar amalga oshirildi. Mahallalarda sug‘orish tarmoqlari yangilandi, zamonaviy nasos agregatlari o‘rnatildi. Elektr ta’minoti bo‘yicha 14 kilometrdan ortiq tarmoq ta’mirlandi, yangi ustun va transformatorlar o‘rnatildi. Tabiiy gaz ta’minotida 2 kilometr quvur rekonstruksiya qilinib, 25 ta gaz taqsimlash punkti texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Prezident farmoni asosida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi aholi uchun zamonaviy turmush sharoitlarini yaratib bermoqda. Loyiha doirasida 14 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi belgilangan bo‘lib, hozirga qadar 144 xonadonli ikki uy foydalanishga topshirildi. Shuningdek, massivda 5,1 km ichki yo‘l ta’mirlandi, ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortildi, suv inshooti barpo etildi. Joriy yil yakuniga qadar 180 o‘rinli bog‘cha va 990 o‘rinli maktab foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Shodiyonalar davomida mehnat fidoiylari ham alohida e’tirof etildi. Ular orasida “Bolg‘ali Qilich aka” fermer xo‘jaligi rahbari Gulchehra Qarshiboyeva ham bor. Joriy yilning mart oyida u qishloq xo‘jaligi sohasidagi samarali mehnati va yurt taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi.
– Bu mukofotni butun jamoam mehnatiga berilgan deb o‘ylayman, – deydi Gulchehra Qarshiboyeva. – Davlatimiz rahbari qishloq mehnatkashlari uchun yaratayotgan imkoniyatlar tufayli fermer xo‘jaliklari yangi marralarni ko‘zlamoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 36 gektar yerdan 137 tonna paxta, 44 gektardagi bug‘doydan esa 118 tonnadan ziyod sara don yetishtirdik. Pillachilikda ham yaxshi natijalarga erishdik. Xo‘jalik rentabelligi ikki barobarga yaqin oshdi, sof daromadimiz 512 million so‘mni tashkil etdi.
Uning ta’kidlashicha, bugungi bayram tadbirlari mehnatkash dehqon va fermerlar uchun ham katta quvonch manbai bo‘ldi. Chunki dalalarda yetishtirilayotgan har bir hosil mustaqillik samarasi, xalq dasturxoni to‘kinligi va yurt ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri