Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boyovutda arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi
11:13 / 2025-06-04

Qurbon hayiti bayrami oldidan Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi “Boyovut dehqon bozori”da aholiga qulaylik yaratish, oziq-ovqat mahsulotlarini hamyonbop narxlarda taqdim etish maqsadida arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkada 30 dan ortiq turdagi birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari keng assortimentda va arzonlashtirilgan narxlarda sotildi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu tadbir mahalliy aholiga sifatli va munosib mahsulotlarni oson va qulay sharoitda xarid qilish imkonini yaratib, bayram oldidan bozordagi narxlarning barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yarmarkada mahalliy fermerlar va ishlab chiqaruvchilar faol ishtirok etib, o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchilarga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy rivojlanishga katta hissa qo‘shmoqda.

Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi aholi vakili Farhodjon Ismoilov yarmarka haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

–  Bunday yarmarkalar aholi uchun juda foydali. Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati yuqori va narxlari odatdagidan arzon. Bayramga tayyorgarlik ko‘rishda sarf-xarajatimizni tejashimizga katta yordam beradi.

Yarmarka orqali aholining iqtisodiy darajasini oshirish, xarid jarayonini yengillashtirish va bozordagi narxlarni barqarorlashtirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash ham eng muhim vazifalardan biri bo‘lib, bu tarzda bozor infratuzilmasini rivojlantirish va tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilashga xizmat qiladi.

Tadbir ishtirokchilari va xaridorlar yarmarkaning muntazam o‘tkazilishi va hajmini kengaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar, bu esa jamoatchilikni sifatli mahsulotlar bilan doimiy ravishda ta’minlash imkonini yaratadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri