Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boyovut tumani hokimi aholiga murojaat qildi
19:54 / 2021-12-15

Sirdaryo viloyati Boyovut tumani xalq deputatlari kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi, senator Dilfuza Uralova 2021 yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va 2022 yilga rejalashtirilgan dolzarb vazifalar to‘g‘risida aholiga murojaat qildi.

Tuman hokimining ta’kidlashicha, yil yakuniga qadar tumanda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari ko‘rsatkichlari 2020 yilga qaraganda 2 barobar o‘sgan. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘rsatkichi esa 103.9 foizga bajarilishi kutilmoqda. Tumanda, ayniqsa, kichik biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Yil boshida kichik biznes sub’ektlari soni 1066 tani tashkil etgan bo‘lsa, yil oxirida bu ko‘rsatkich 1318 taga yetgan. Tuman aholisini ish bilan ta’minlash bo‘yicha izchil olib borilayotgan tadbirlar natijasida 2021 yilda ishsizlik darajasi 2020 yildagi 11.3 foizdan 10.8 foizga tushgan.

Jumladan, tumanda 2021 yilda bandlik Dasturiga asosan 1048 ta, aholini mavsumiy ishlarga jalb qilish orqali 1006 ta, fuqarolarni o‘zini o‘zi band qilish orqali 1299 ta, takroriy ekin uchun yer ajratish orqali 4284 ta, yoshlarga yer ajratish orqali 3518 ta va norasmiy bandlarni rasmiy sektorga o‘tkazish orqali 1058 ta fuqarolar bandligi ta’minlangan. 

Iqtisodiy faol aholi soni 2020 yildagi 57.3 ming kishidan 2021 yilda 61.1 ming kishiga ko‘paygan. Tumanda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kam ta’minlangan va ishsiz aholi 3 ta daftar, ya’ni “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan.

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini bermoqda. 2020-2021 yillarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 2995 ta oilada 12918 nafar fuqarolar kambag‘allik darajasida yashayotgan oilalar sifatida aniqlanib “Temir daftar” ga kiritilgan. 

Sektor rahbarlari sa’y-harakati bilan 2914 ta oilaning 2988 nafar oila a’zolari doimiy ish bilan ta’minlangan. Tuman bo‘yicha jami yil boshidan 4 ming 272 nafar xotin-qizlar ayollar daftariga kiritilib, ularning 98 foizining muammolari to‘liq bartaraf etilgan. Shuningdek, tumanda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 64 ming 767 nafarni tashkil etgan bo‘lsa (jami aholining 49,4 foizi) ularning barchasi o‘rganilib, 2 ming 438 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.

Murojaatda ta’kidlanishicha, daftardagilarning 1 ming 775 nafariga 826 gektar yer maydoni ajratib berilgan. “Yoshlar daftari” jamg‘armasidagi 1 milliard 556 million so‘m mablag‘ yoshlarga bir martalik moddiy yordam, professional va oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yoshlarning to‘lov-kontraktini to‘lash, haydovchilikka va kasb-xunarga o‘qitish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilish istagini bildirgan yoshlarni asbob-uskunalar, zarur jihozlar bilan ta’minlashga subsidiya shaklida berilgan.

Tuman hokimi 2022 yilgi rejalar xususida gapirar ekan, tumandagi past hosilli paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirilishi natijasida bo‘shaydigan yer maydonlarini aholiga 25 sotixdan 1 gektargacha bo‘lib berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-20-sonli qaroriga asosan 2266 ta yangi ish o‘rni yaratilishini qayd etdi.

Deputatlar 2022 yilda tumanda amalga oshiriladigan dasturlar yuzasidan tuman hokimidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi. Sessiya yakunida murojaat yuzasidan qaror qabul qilindi.

Sh. Suyarov, F. Toshmatov (surat), O‘zA