Vatanimiz tarixidagi 19 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Shuhrat (taxallusi; asl nomi G‘ulom Alimov) tavallud topdi (vafoti 1993 yil). Uning asarlari nafis lirizmi, lirik qahramon ruhiy olamining yorqin ifodalanganligi, his-tuyg‘ularning samimiyligi bilan ajralib turadi. Shuhrat, vafotidan so‘ng, 2003 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1918 yili (bundan 107 yil oldin) – Turkiston Xalq Komissarlari Sovetining dekreti bilan knyaz Nikolay Romanovning Toshkentdagi hovlisi davlat mulki deb e’lon qilindi. Uyi esa xalq muzeyiga aylandi. Unda tasviriy san’at, grafika, haykallar, badiiy san’at ashyolari, mebel, chinni, tunj va amaliy san’atning boshqa buyumlari qo‘yilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, knyaz Romanovning Toshkentdagi saroy va ov qo‘rg‘oni Roman-Vizantiya me’morligi uslublashtirilib, ovchilar qo‘rg‘oniga o‘xshatib 1883–1906 yillarda qurilgan. U 1993 yildan ta’mirlanib, Tashqi ishlar vazirligining qabul marosimlarini o‘tkazish uchun moslashtirilgan.
1924 yil (bundan 101 yil oldin) – tarixchi Damir Jumaniyazovning qayd etishicha, Turkiston Respublikasi hukumati Amudaryo viloyatini “o‘lat tarqalishi oqibatida noqulay vaziyat yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan viloyat”, deb e’lon qildi. Viloyat hududiga kirish, chiqish ta’qiqlab qo‘yildi. Sho‘raxon uyezdida chov-o‘pka o‘lati avj oldi. Turkiston Respublikasi hukumati Amudaryo viloyatiga 10 nafar vrach, 10 nafar yordamchi, 10 nafar sanitardan iborat uchta otryadni kasallik manbasini tugatish uchun jo‘natdi.
1955 yil (bundan 70 yil oldin) – Sirdaryo viloyatidagi Boyovut, Toshkent viloyatidagi Bo‘stonliq tumanlari tashkil etildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, tuman nomiga aylangan Boyovut – O‘zbekiston hududida qadimdan yashab kelgan turkiy urug‘lardan birining nomi. Rashididdinning “Jome ut-tavorix”, Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai turk” asarlarida Boyovut urug‘i tilga olingan. Boyovut – “boy”, “boylar” degan ma’nolarni anglatadi. Boyovut so‘zining kelib chiqish tarixiga oid rivoyatlarga asoslangan boshqa talqinlar ham bor. Masalan, rivoyatlardan birida qadimda bu yer otlarga boy bo‘lgan va “otga boy”, “boy ot” so‘zlaridan kelib chiqqan deyilsa, boshqa rivoyatda bu yerlar o‘tga boy joylar bo‘lgan, Boyovut – “boy o‘t” so‘zidan kelib chiqqan deyiladi. XVI asrda yashagan farg‘onalik Mulla Sayfiddin Axsikandiyning “Majmu-at-tavorix” asarida Boyovut 92 bovli o‘zbek urug‘laridan biri sifatida qayd qilingan.
Bo‘stonliq nomiga asos bo‘lgan “bo‘ston” so‘zining ilk shakli fors-tojik tilidagi – “bo‘yiston”, “yashnagan”, “gullagan”, “bog‘- rog‘li joy”, “hidlar o‘lkasi” degan ma’noni bildiradi. Nom so‘ngidagi “-liq” qo‘shimchasi shu narsani ko‘pligiga ishoradir. Ayrim mutaxassislar, tuman tashkil etilayotgan vaqtda tumanga nom rasmiy-ma’muriy tarzda berilgan, deyishadi. Suyun Qorayevning yozishicha, Bo‘stonliqni “bog‘-rog‘” ma’nosidagi bo‘ston so‘zidan ko‘ra Bo‘ston (bo‘z-to‘n-li) degan urug‘ nomi bilan atalgan deyish to‘g‘riroqdir.
1978 yil (bundan 47 yil oldin) – respublika Oliy Sovetining navbatdan tashqari to‘qqizinchi chaqiriq oltinchi sessiyasida O‘zbekiston SSRning navbatdagi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekiston SSRning birinchi Konstitutsiyasi 1927 yilda, ikkinchi Konstitutsiyasi 1937 yilda qabul qilingan. Ular amalda SSSR Konstitutsiyasining ko‘chirma nusxasi edi.
1990 yil (bundan 35 yil oldin) – Andijon davlat universitetiga Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berildi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Qo‘qon pedagogika bilim yurtini qaytadan nomlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga binoan “Pravda” gazetasi nomidagi Qo‘qon pedagogika bilim yurti o‘zbek tilshunosligi va adabiyotini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan pedagog, tilshunos olim – Ashurali Zohiriy nomidagi Qo‘qon pedagogika bilim yurti deb qaytadan nomlandi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buyuk olim Muxammad Tarag‘ay Ulug‘bek tavalludining 600 yillik yubileyini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – Toshkentda Butunjahon sayyohlik tashkilotining Bosh kotibi Franchesko Franjialli O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga “Butunjahon sayyohlik tashkilotining oliy mukofoti”ni topshirdi.
2016 yil (bundan 9 yil oldin) – Buxoro viloyatida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bilan “Lukoyl” kompaniyasi hamkorligida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi kurilishi boshlandi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida O‘zbekiston Parij Bitimini imzoladi. Bitimni imzolash uchun BMT Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Konvensiya kotibiyatiga issiqxona gazlar tashlanmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissasini kamaytirish to‘g‘risida hujjat taqdim etildi. Mazkur bitim 2018 yili 3 oktyabrda ratifikatsiya qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA