“Boylik ma’budasi” sud oldida: milliardlab funtlik kripto jinoyati
Londondagi “Southwark Crown” sudi xitoylik Zimin Syanni 6,7 milliard dollarlik kripto valyuta firibgarligi bo‘yicha aybdor deb topdi.
Ayblanuvchi 2014-2017 yillarda 128 000 dan ko‘p odamni aldab, mablag‘ni bitkoin ko‘rinishida yashirgan. Politsiya jami 61 000 bitkoin musodara qilinganini ma’lum qildi. Bu Buyuk Britaniya tarixidagi eng yirik kripto musodara hisoblanadi.

Syan soxta hujjat bilan Xitoydan qochib, o‘g‘irlangan pulni Britaniyada ko‘chmas mulkka yo‘naltirgan. Unga yordam bergan Jian Ven o‘tgan yil olti yil-u sakkiz oyga qamalgan edi.
Xitoy ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanuvchilarning aksariyatini tashkil qilgan yoshi ulug‘ investorlarga “kafolatlangan daromad” va’da qilingan. Ayrimlar maxsus dastur orqali pullarining bir qismini qaytib olgan.
Gumondor hozircha hibsda, hukm e’lon qilinishi sanasi hali belgilanmagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA