14 dekabr – Qishloq xo‘jalik xodimlari kuni
Urgut tumanidagi Boyguzar qishlog‘i ahlining qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullanayotganiga ko‘p bo‘lmadi, yaqin o‘n yillarda bu faoliyat qishloqda ommalashdi. Ayni paytda qishloqdagi deyarli barcha tomorqa yerlarida qulupnay yetishtiriladi.
– Qishloqdoshlarimizdan biri Toshkentga borib ishlab, qulupnay yetishtirishni o‘rganib kelgach, unga havas qilib boshqa qo‘ni-qo‘shnilar ham bu serdaromad ishga qo‘l urdi, – deydi Muhayyo Suvonova. – Ungacha qishlog‘imizda ayrim hovlilarda odamlar havas qilib ekkanini hisobga olmasak, deyarli qulupnay ekilmasdi. Hozir esa deyarli barcha hovlida qulupay parvarishlanadi. Bahor oylarida Samarqand – Urgut yo‘lidan o‘tsangiz, ko‘chaning ikki tomonida shu ne’matni sotib o‘tirgan kishilarni ko‘rasiz, uyimizdan kelib olib ketishadi. Odamlar tomorqasining katta-kichikligiga qarab 100 million so‘mgacha daromad qilyapti. Biz ham o‘n sotixdan ortiq tomorqamizga qulupnay va sarimsoqpiyoz ekkanmiz. Har ikki yilda bu ekinlarni almashlab ekamiz. Shunday yo‘l tutmasak, hosildorlik pasayib, yelarni begona o‘t bosib ketadi. Odam bir ish bilan doimiy shug‘ullansa, tajribasi oshib boraverar ekan-da. Xudoga shukr, yaxshi daromad qilyapmiz. Katta o‘g‘lim ham maktabda ishlash bilan birga hovlisida dehqonchilik qiladi, qo‘shimcha daromad topyapti. Bolalarim ana shu mehnat orqali topgan mablag‘lari hisobidan uy-joylarini ta’mirlab olishdi, menga Umra safariga yo‘llanma olib berishdi. Nasib etgan ekan, muqaddas joylarni ziyorat qilib keldim.
[gallery-26636]
Muhayyo opa qulupnayni issiqxonada yetishtirish va yil davomida hosil olish mumkinligini eshitgach, qishloqda birinchilardan bo‘lib bu tajribaga qo‘l urdi.
– Biz, odatda, ochiq maydondan faqat bahor paytida hosil olamiz, agar issixonada bu ekinni parvarishlasangiz, qishda ham quluppay sotishingiz mumkin ekan, – deydi Muhayyo Suvonova. – Tumanimizdagi Nisbot mahallasida shunday tajribali dehqonlar borligini eshitgach, o‘g‘illarim bilan borib, ularning ishini o‘rgandik. Juda murakkab ish emas ekan, bir marta ozroq xarajat qilib issiqxona qurib olsangiz, o‘sha yilning o‘zida yetishtirilgan hosil hisobidan sarflagan pulingiz chiqib, daromadga kirarkansiz. Faqat navni to‘g‘ri tanlab, tomchilab sug‘orishni yo‘lga qo‘yib olish kerak ekan. Isitish ham unchalik murakkab emas, issiqxonaning ichida egatlarning ustidan yana bir qavat plyonka yopsangiz bo‘ldi – belgilangan haroratni berarkan. Nisbotlik oilalarning tajribasi asosida hovlimizda ikkita issiqxona qurib, bu yil ilk bor shu tajribani sinab ko‘ryapmiz. Nasib etsa, bu yil bahorga qolmay qulupnayni savdoga chiqaramiz. Issiqxonada egatlar chetida intensiv limon ko‘chatlari ham ekdik. Ishimiz muvaffaqiyatli bo‘lsa, kelgusi yilda katta o‘g‘limning hovlisida ham issiqxona qurishni niyat qilib turibmiz. Tomorqada mehnat qilib topilgan pulning barakasi boshqacha bo‘ladi. Eng muhimi, oilangizda hech kim bekorchi bo‘lib qolmaydi, kattayu kichikka yil bo‘yi ish topiladi. Harakat esa baraka, salomatlik degani.
Muhayyo opaning xonadonida xorijdan keltirilgan 6 bosh qo‘y, 50 dan ortiq tovuq ham boqilyapti. Qishloqda yashab, chorvachilik bilan shug‘ullanmasak, sut-qatiq, tuxum o‘zimizdan chiqmasa, uyat bo‘ladi, deydi opa mehnatidan zavqlanib.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari