Ayni kunlarda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida ham yer bilan “tillashib”, barakali hosil yetishtirib, omilkor tadbirkorga aylanayotgan mirishkor tomorqachilar safi kengaymoqda.
Tuman markazidagi “Xoja Orif” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan 78 yoshli Faxriddin ota Isomov ham tomorqani xazina deb bilgan shunday omilkor sohibkorlardan biri. Dehqonchilikda katta hayotiy tajribaga ega otaxon ko‘chatchilikka ixtisoslashgan “Bog‘ibihisht” fermer xo‘jaligi yerlaridan 50-yillik ijara shartnomasi asosida ajratib berilgan 1 gektar yer maydonida nihol yetishtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Otaxon oila a’zolari, farzandlari ko‘magida bu yerda kartoshka, pomidor, bulg‘or qalampiri, piyoz yetishtirib, nafaqat o‘zi, balki qishloqdoshlari ro‘zg‘ori butligi, dasturxoni to‘kinligiga baholi qudrat hissa qo‘shmoqda. “Sayxunobod tajribasi”ni hududlarda amalga oshirish ishlarini o‘rganish doirasida tashkil etilgan amaliy seminarda tomorqachilikda o‘z tajribasiga ega mehnat faxriysi Faxriddin Isomov ish uslubi, yerga munosabati e’tibordan chetda qolmadi.
[gallery-16989]
–Tomorqa bu daromad degani, –deydi otaxon. –Faqat mehnat orqali mana shunday katta daromadga ega bo‘lish mumkin. Boy bo‘lish, puldor bo‘lish uchun uzoqqa borish kerak emas. Boylik oyog‘imiz ostida turibdi. Buning uchun faqat tinmay mehnat qilish kerak.
O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, viloyat hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Firuza Ibragimova, shahar va tumanlardagi mas’ullar, mahalla faollari otaxonning dalasida bo‘ldi. Dala shiyponida o‘tgan seminarda xotin-qizlarni tomorqachilik hamda tadbirkorlikka jalb etish orqali daromad olishlariga erishish, ularning bandligini ta’minlash haqida so‘z bordi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TQsF9AckaxA" title="“Boy boʻlish uchun uzoqqa borish kerak emas”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Umuman, shofirkonlik tomorqa yer egalari, dehqon hamda bog‘dorchilik xo‘jaliklari tomonidan o‘tgan 2023 yilgi dehqonchilik mavsumida tuman bog‘laridan olingan meva salmog‘i 5 ming 800 tonnadan ortiqni tashkil qilgan. Bu xirmon o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2,5 ming tonnaga ko‘p demak.
Shuningdek, bulturgi dehqonchilik mavsumida shofirkonlik mirishkorlar 490 tonna uzum, 1 ming 500 tonnadan ziyod sabzavot, 330 tonna poliz, 935 tonna kartoshka yetishtirib, elimiz dasturxoniga tortiq etdi. Albatta, bu yil hosil salmog‘i bulturgidan ancha salmoqli bo‘lishi uchun erta bahordan ishga kirishilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA muxbirlari